Suv va kanalizatsiya uchun poytaxt byudjetidan milliardlar ajratildi
Davlat moliyaviy nazorat boshqarmasi pulning sarflanishini nazorat qiladi.
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov poytaxt byudjetidan 7 mlrd. 900 mln. soʻm mablagʻ ajratdi. Kecha, 21 fevral kuni shahar hokimining bu boʻyicha tegishli qarori eʼlon qilingan.
Mablagʻ poytaxt Iqtisodiyot va moliya boshqarmasi huzuridagi "Suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimilarini rivojlantirish" jamgʻarmasida shakllangan qoldiq mablagʻlari hisobidan ajratiladi.
Jumladan, Sergeli tumanidagi Noʻgʻayqoʻrgʻon va Qubaytepa mahallalaridagi toza ichimlik suvi va drenaj tarmogʻi uchun 2,5 mlrd. soʻm, Yunusobod tumanidagi Oqtepa mahallasini markazlashgan oqova suv tarmogʻi bilan taʼminlash xarajatlari uchun 5,4 mlrd. soʻm beriladi.
Pul oʻrnatilgan tartibda "Yagona buyurtmachi xizmati" injiniring kompaniyasiga yoʻnaltiriladi.
Davlat moliyaviy nazorat boshqarmasi pulning sarflanishini nazorat qiladi.
Eslatib oʻtamiz, bir necha kun avval Shavkat Umrzoqov suv toshqinlariga qarshi byudjetning zaxira jamgʻarmasi hisobidan 846 million 500 ming soʻm pul ajratgandi.