"Oʻzbek tilini bilganim menga asqotadi" — rus millatiga mansub sportchi
Jahon chempioni Dmitriy Shokin oʻzbek tilida erkin soʻzlashadi.

Taekvondo boʻyicha ikki karra Osiyo chempioni, jahon chempionati gʻolibi, oʻzbekistonlik sportchi Dmitriy Shokin oʻzbek tilida ham ravon soʻzlasha oladi.
"Markaziy studiya" mazkur sportchi haqida lavha tayyorladi.
"Oʻzbek tili boʻyicha birinchi ustozim dadam boʻladilar. Toshkentning Qoraqamish dahasidagi oʻzbek mahallasida katta boʻlganman.
Bu tilning men uchun foydalari koʻp. Masalan musobaqada ustozlar bilan oʻzbek tilida muloqot qilamiz. Oʻz-oʻzidan xorijiy raqiblar bizni tushunmaydi. Ushbu til bir qancha gʻalabalarimiz omili boʻlgan", deydi sportchi.
Shokinning aytishicha, oʻzbek tili unga bozorlarda savdolashishga ham qoʻl keladi. "Rus tilida gapirsangiz chet ellik deb oʻylab, narxlarni oshirishlari mumkin. Oʻzbek tilida gapirsam, xursand boʻlib, narxlarni tushirib berishadi", deydi Dmitriy Shokin.
Sportchi hozirda 200 dan ziyod bolaga taekvondo saboqlarini berib kelmoqda.
Eslatib oʻtamiz, OʻzJOKU rektori Sherzod Qudratxoʻja oʻzi yashayotgan mamlakat tilini bilmaydigan kishilarni tanqid qilgandi. Lekin uning millatparvarligi Rossiya tomonidan noxush qabul qilindi.