Piyoz narxi keskin oshishi haqidagi xabarlarga izoh berildi
Maʼlumki, Oʻzbekiston piyoz eksporti boʻyicha jahonda yuqori oʻntalikka kiradi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi Oʻzbekistonda piyoz narxi keskin ketishi haqida tarqalgan xabarlarni inkor etdi.
"Yurtimizda hali havo sovimay turib, ayrim tahlilchi-bloger hamda ijtimoiy tarmoq faollari tomonidan mazkur sovuq havo oqimining piyoz narxi koʻtarilishiga sabab boʻlishi haqida asoslanmagan xabar tarqatilmoqda.
Jumladan, mamlakatimiz hududida kutilayotgan sovuqning agrar sohadagi barcha tarmoqlarga salbiy taʼsirining oldini olish maqsadida zarur-chora tadbirlar amalga oshirilmoqda.
2024 yil hosili uchun toʻqsonbosti usulida tayyorlanayotgan piyoz va sarimsoqpiyozlarga esa bu sovuq deyarli taʼsir koʻrsatmaydi" deyiladi vazirlik eʼlon qilgan xabarda.
Maʼlumot uchun, respublika boʻyicha 2024 yil hosili uchun barcha toifa xoʻjaliklarda avgust-sentabr oylarida 64 ming gektar, noyabr-dekabr oylarida toʻqsonbosti usulida 82,8 ming gektar maydonda piyoz ekinlari ekilgan.
Avval East Fruit tahlilchilari Oʻzbekistonga piyoz narxi biroz oshgani haqida xabar bergandi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston har yili 200 dan 250 ming tonnagacha piyoz eksport qilib, jahonda kuchli oʻntalikka kiradi. 2023/24 yilgi mavsumda Oʻzbekistondan piyoz eksporti rekord darajada boʻlishi kutilmoqda va East Fruit hisob-kitoblariga koʻra, birinchi marta 300 ming tonnadan oshishi mumkin.