Bitta bank va toʻlov tashkiloti jazolandi, uchta bank ogohlantirildi

Markaziy bank oʻtgan yanvar oyi boʻyicha hisobot berdi. 

Iqtisod
14-fevral, 9:27
Bitta bank va toʻlov tashkiloti jazolandi, uchta bank ogohlantirildi

Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi tomonidan 2024 yilning yanvar oyidagi yigʻilishlarda (9 marta) 30 ta masala koʻrildi va ularda tegishli qarorlar qabul qilindi. Ayrim tashkilotlar jazoga tortildi. 

Xususan, amaldagi qonunchilik va Markaziy bankning meʼyoriy-huquqiy hujjatlari talablariga rioya qilinishi taʼminlanmaganligi sababli 1 ta bank va 1 ta toʻlov tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qoʻllanildi, shuningdek, 3 ta bank va 2 ta lombard chora va sanksiyalar qoʻllanilishi toʻgʻrisida ogohlantirildi.

Bundan tashqari, Qoʻmita tomonidan oʻzining tizim barqarorligini saqlash, omonatchilar va investorlar huquqlarini himoya qilish prinsipidan kelib chiqib, tijorat banklari boshqaruvlari va mikromoliya tashkilotlari rahbariyatiga aniqlangan kamchiliklarni tuzatish, oʻrnatilgan prudensial normativlarga amal qilish, bank faoliyatida mavjud zaifliklarni bartaraf etish va moliyaviy holatini sogʻlomlashtirishga qaratilgan talablarga rioya qilish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berildi.

Roʻyxatga olish va ruxsat berish yoʻnalishida 20 ta masala koʻrib chiqildi. Xususan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish (2 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (3 ta), kredit tashkilotlarini litsenziyalash (2 ta), banklarda audit oʻtkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish (2 ta) hamda tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi aʼzolari, shuningdek, muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini koʻrib chiqish (11 ta) kabi masalalardir, deyiladi xabarda.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Markaziy bank bitta tijorat bankiga cheklov qoʻygani va toʻrttasini ogohlantirgani, ayrimlariga jarima qoʻllagani maʼlum boʻlgandi. Shuningdek, tashkilot fuqarolarni yangicha firibgarliklardan ogohlantirgandi. 

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+