Fargʻonadagi portlashda qurbonlar soni 4 nafarga yetdi
Tibbiy yordamga qaramasdan 3 jabrlanuvchi shifoxonada vafot etgan. Jinoyat ishi ochilib, 2 nafar shaxsni ushlash choralari koʻrilmoqda.

Fargʻonadagi portlash va yongʻin sabab halok boʻlganlar soni oshdi.
17 dekabr soat 13:45 larda Fargʻona shahar, Yangiyoʻl mahallasidagi “Petrolium” propan gaz quyish shoxobchasida 5 m. kub sigʻimli konteynerga gaz quyish jarayonida yoriq kelib chiqib, gaz moddasi tashqariga sizib chiqishi oqibatida, portlash va yongʻin sodir boʻlgan.
Natijada, 1 nafar fuqaro voqea joyida halok boʻlgan, shu hududda boʻlgan bir nechta fuqarolar turli darajada tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Koʻrsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan ulardan 3 nafari shifoxonada vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Fargʻona viloyat IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi “a” bandi hamda 259-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Hozirgi kunda jinoyat ishi doirasida 2 nafar shaxslarni ushlash choralari koʻrilmoqda.
Holat yuzasidan tegishli ekspertizalar tayinlangan boʻlib, tergov harakatlari olib borilmoqda.