2025 yil apreldan elektr va tabiiy gaz tariflari oshishi kutilmoqda
Kommunal sohani subsidiyalash 2028 yilgacha davom etadi. 2027 yilda subsidiya miqdori keskin kamaytiriladi.
2025 yil aprel oyidan tabiiy gaz va elektr narxi, shuningdek, issiqlik tariflar oshishi kutiladi. Bu haqda Oliy Majlis Senatida nutq soʻzlagan Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov maʼlum qildi.
"Joriy yilda tariflar oshgan boʻlsada, Vazirlar Mahkamasi qarorida kelgusi yil aprel oyidan ham tariflarni oshirilishi belgilangan.
Shundan kelib chiqib 1 apreldan narxlar oshadi. Narxlar oshirilganda ham ular qilingan xarajatni qoplay olmayapti. Shunga byudjetdan sohaga subsidiyalar ajratilyapti. Bundan tashqari tabiiy gazning maʼlum bir qismini import qilyapmiz", dedi Qoʻchqorov.
Qoʻchqorovning aytishicha, kommunal sohani subsidiyalash 2028 yilgacha davom etadi. 2027 yilda subsidiya miqdori keskin kamayishi kutilmoqda. 2028 yilda jarayon toʻliq toʻxtatiladi.
Vazirning aytishicha, kelgusi yilning oʻzida Toshkentda issiqlik taʼminoti tariflari ikki marta oshirilishi belgilangan.
Avvalroq Senat tomonidan davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun maʼqullangandi.
Eslatib oʻtamiz, 2024 yil 1 maydan aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bir oylik isteʼmolining bazaviy meʼyorlari tasdiqlangandi.