platina.uz
Jamiyat

Toshkentning 3 ta tumanida 11 dekabrgacha elektr energiyasida uzilishlar kuzatiladi

Masʼullar buni “Teplichnaya” podstansiyasidagi modernizatsiya dasturi doirasida maʼnan va jismonan eskirgan elektr qurilmalarini zamonaviy elektr qurilmalarga almashtirish ishlari bilan izohladi.

Toshkentning 3 ta tumanida 11 dekabrgacha elektr energiyasida uzilishlar kuzatiladi

Qishga tayyorgarlik maqsadida Toshkent shahrining Mirobod, Sergeli va Yunsubod tumanlaridagi bir necha oʻnlab mahallarida 5-11 dekabr kunlari elektr energiyasida uzilishlar boʻladi.

"Toshkent shahar elektr tarmoqlari"ning xabariga koʻra, Sergeli va Mirobod tumanlarining ayrim hududlarini elektr energiyasi bilan taʼminlovchi 110/35/10 kV kuchlanishli "Teplichnaya" podstansiyasida modernizatsiya dasturi doirasida maʼnan va jismonan eskirgan elektr qurilmalarini zamonaviy elektr qurilmalarga almashtirish ishlarini xavfsiz olib borish hamda yuklamani teng taqsimlash maqsadida vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli elektr taʼminotida uzilishlar kuzatiladi.

Xususan, 5 dekabr kuni Mirobod, Sergeli va Yunusobod tumanlarining koʻplab mahallarida chiroq oʻchirilgani uchun ayrim maktab-bogʻchalar chiroqsiz qolgan, svetoforlar ishlamagani uchun koʻchalarda mashinalar tirbandligi yanada koʻpaygan.

Markaziy isitish tizimiga ulanmagan, oʻzini oʻzi isitish qurilmalariga ega yangi qurilgan koʻp qavatli uylar esa sovuqdan muzlay boshlagan.

Ushbu masala yuzasidan izoh olish maqsadida Energetika vazirligi matbuot xizmati bilan bogʻlandik.

"Bu 6 kunlik davrda uzzu-kun chiroq oʻchadi, degani emas. Qaysidir hududda bugun 2-3 soat uzilsa, ertaga boshqasida 4-5 soat, vaziyatga qarab chiroq boʻlmasligi mumkin. Uning vaqti hajmi ishning darajasi bilan bogʻliq boʻlib, oʻchirish muddati tuman hokimligi bilan kelishiladi. Va bu haqda tuman hokimliklari hamda mahallalar telegram kanallarida aholi xabardor qilib boriladi. Oʻzini oʻzi isitadigan xonadonlarga kelsak, bu borada biror nima deya olmayman", dedi vazir matbuot kotibi Hasan Toshxoʻjayev.

Eslatib oʻtamiz, "Oʻzgidromet" xabariga koʻra, 9-10 dekabr kunlari qor yogʻib, havo harorati -10 darajaga tushib ketishi kutilyapti.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid