platina.uz

Pullik avtoturargohlar: tarix va bugungi tajriba

Xoʻsh, avtoturargohlarni pullik qilish gʻoyasi qachon paydo boʻlgan? Bu oʻzi kerakmi?

Maqola
1-dekabr, 14:50
Pullik avtoturargohlar: tarix va bugungi tajriba

Toshkent shahar hokimining 2024 yil 16 oktabrda qabul qilgan tegishli qarori bilan poytaxt koʻchalarida pulli avtoturargohlar tashkil etiladigan boʻldi. Pulli “parkovka”larni tashkil etish tartibi hamda toʻlov narxlari ham tasdiqlangan.

Toshkent yoʻllari boʻylab joylashgan pullik avtoturargohlarni boshqarish huquqi uchun oʻtkazilgan auksion natijalariga koʻra, Yaponiyaning BALCOM COMPANY LTD bilan aloqador Balcomuz MChJ tanlov gʻolibi boʻlgan. Kompaniya 120 mlrd soʻm, yaʼni boshlangʻich narxdan ikki barobar yuqori narx taklif qilgan.

Milliy meʼyoriy hujjatlarga koʻra, pullik avtoturargohlar asosiy bozorlar, savdo markazlari, asosiy transport punktlari, yoʻlovchilar oqimi koʻp boʻlgan metro bekatlari, shuningdek, shaharga asosiy kirish yoʻllari va markaziy yoʻllar boʻylab toʻxtash joylarida tashkil etilishi mumkin.

Bu markaziy koʻchalardagi tirbandlikni kamaytirish, xususiy va jamoat transporti harakatining oʻrtacha tezligini oshirish, haydovchilar tomonidan toʻxtash joyidagi tartibsizliklarga barham berish, avtomobillardan atmosferaga chiqayotgan gazlarni kamaytirish imkonini beradi.

Xoʻsh, avtoturargohlarni pullik qilish gʻoyasi qachon paydo boʻlgan? Dunyoda eng birinchi pullik toʻxtash joyi qaysi shaharda tashkil etilgan?

Tarixga nazar

Pullik avtoturargoh tushunchasi va unga ehtiyoj – XX asr boshlarida urbanizatsiya tezlashuvi natijasida avtomobillarning koʻpayishi oqibatida paydo boʻlgan.

Avtomobilning toʻxtab turish vaqtini hisoblovchi Park-O-Meter nomi bilan mashhur boʻlgan dastlabki mexanik avtomatlar 1935 yilda AQShning Oklahoma-Siti shahrida oʻrnatilgan. Park-O-Meter Karl Magi tomonidan ishlab chiqilgan boʻlib, u shahardagi talab yuqori boʻlgan joylardan samarali foydalanish, oʻsib borayotgan mashinalar tirbandligini bartaraf etishga qaratilgan edi.

Ushbu ixtiro jamoat maydonini boshqarishni moliyaviy ragʻbatlantirish bilan bogʻlaydigan tizimni yoʻlga qoʻyishda dastlabki qadam boʻlgan.

Urushdan keyingi vaziyat

Ikkinchi jahon urushidan soʻng, shaharlar kengayib, avtomobillar soni keskin oshgani sayin, pullik toʻxtash joylari butun dunyo shaharsozligidagi standart xususiyatga aylandi.

Tanga yoki jeton tashlash yoʻli bilan boshqariladigan toʻxtash joylari yanada koʻpaydi va shaharlar jamoat infratuzilmasini moliyalashtirish uchun toʻxtash joylari toʻlovidan foydalanishni boshladi.

Hozirga kelib esa, zamonaviy pullik toʻxtash joylari mexanik hisoblagichlar bilan cheklanmaydi. Ularga ilgʻor texnologiyalar jalb etilmoqda, kengroq shahar maqsadlariga moslashish uchun takomillashtirilmoqda.

Texnologik innovatsiyalar

Endilikda raqamli toʻlov tizimlari: kontaktsiz toʻlov usullari, mobil ilovalar va onlayn platformalar tanga bilan boshqariladigan anʼanaviy tizimlar oʻrnini egallagan. Ayrim megapolislarda toʻxtab turish uchun toʻlovlar ham tasniflash yoʻliga, oʻzgarib turadigan dinamik narxlarga oʻtgan.

Masalan, San-Fransisko kabi shaharlar makondan foydalanishni optimallashtirish va tirbandlikni kamaytirish uchun narxlar talabga asosan oʻzgarib turish tizimiga oʻtkazilgan. Yangi texnologiyalar jalb etilishi natijasida “Smart toʻxtash sensorlari” ham keng qoʻllanilmoqda. Bu qurilmalar real vaqt rejimida haydovchilarga mavjud boʻsh joylar haqida maʼlumot berib turadi va boʻsh joy qidirib vaqt yoʻqotishning oldini oladi.

Shaharsozlik bilan integratsiyalashuv

Endilikda pullik avtoturargohlarga barqaror transport tizimini rivojlantirish vositasi sifatida qaralmoqda. Masalan, toʻxtab turish joylari uchun toʻlov miqdorini oshirish – jamoat transporti, velosiped yoki piyoda yurishni ragʻbatlantirishi aniqlangan.

Avtoturargoh tizimlaridan olingan daromad koʻpincha shaharlardagi harakatlanish loyihalariga, masalan, velosiped yoʻlaklarini koʻpaytirish uchun yoki tranzit markazlariga investitsiya qilinmoqda.

Global yondashuvlar

Dunyoning turli mamlakatlari va shaharlarida avtoturargohlarning turlicha formatlaridan foydalaniladi.

Masalan, Yevropadagi Amsterdam va Stokholm kabi shaharlarda transport barqarorligiga asosiy eʼtibor qaratiladi. Bu shaharlarda avtoturargoh toʻlovlari yuqori boʻlib, toʻxtash uchun ruxsatnomalar qatʼiy tartibga solingan.

Osiyoda esa, xususan, Tokio va Singapur kabi yirik shaharlardagi jadal urbanizatsiya avtomatlashtirilgan turargohlar va makondan tejamkor foydalanish yechimlariga yangi innovatsiyalarni tatbiq etishga turtki boʻlyapti.

Shimoliy Amerikadagi aholi punktlarida shahar atrofidagi hududlar bepul avtoturargohlarga tayansa-da, shahar markazlari tirbandlik va ifloslanishni bartaraf etish uchun pullik turargoh tizimlaridan tobora koʻproq foydalanishga majbur boʻlyapti.

Pullik toʻxtash tizimlaridagi muammolar

Bir qator afzalliklarga ega boʻlishiga qaramasdan, pullik avtoturargohlarning oʻziga xos muammolari ham bor.

Bu avvalo tengsizlik va adolat dilemmasi bilan bogʻliq. Tanqidchilarning taʼkidlashicha, toʻxtab turish narxlari baland boʻlsa, kam daromadli odamlar kayfiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Keyingisi esa texnik toʻsiqlar boʻlib, raqamli tizimlar smartfon yoki kredit kartalari yoʻq, yoki bu texnologiyalardan foydalanishni bilmaydigan, yoki istamaydigan haydovchilarni chetga surib qoʻyishi mumkin.

Qolaversa, pullik toʻxtash joylari har qancha avtomatlashtirilgani bilan, qonunbuzarliklarni kuzatish va jazolash tizimi hamda qonunchiligini takomillashtirish, eng muhimi, bu tizimga ham qoʻshimcha pul sarflashga toʻgʻri keladi. Aks holda butun tizim samaradorligi savol ostida qoladi.

Yaqqol natijalar

2011 yilda AQShning San-Fransisko shahrida SFPARK avtoturargoh tizimi yoʻlga qoʻyildi. Bu tizim real vaqt rejimida ishlaydi va boʻsh joylarni aniqlab, talab va joyning “jozibadorligi” asosida narxlarni oʻzgartirib turadi. Mazkur tizim toʻxtash joylarida qolish vaqtini 30% ga qisqartirdi va transport oqimini yaxshiladi.

Singapurda esa ERP System pullik avtoturargoh tizimi ishga tushirilgan boʻlib, pullik toʻxtab turish tizimi bilan ERP (Electronic Road Pricing – Elektron yoʻl narxlash) tizimini uygʻunlashtirgan. Yaʼni yoʻllarda tirbandlik vaqti – “pik” soatlarda avtoturargoh narxlarini muvofiqlashtirib turadi.

Tokio shahrida ham pulli toʻxtash joylari uchun yangicha formatni maʼqul koʻrishgan. CPS (Compact Parking Solutions – Ixcham parkovka yechimlari) sohada inqilobni boshlab bergan, desak ham mubolagʻa boʻlmaydi. Joy juda kam va qimmat boʻlgan Tokioda atigi 6-7 mashina sigʻadigan joyda baland va ingichka “qutilar” quriladi.

Ular bino emasligini derazalari yoʻqligidan bilib olasiz. Bu innovatsion turargohga mashina bilan kirsangiz, domkrat, spiral yoki lift fomatidagi qurilmalar mashinangizni tepaga olib chiqib, boʻsh makonga joylab yoki tushirib qoʻyadi.

Tokiodagi ushbu vertikal avtoturargohlar tor joylarni maksimal darajada kengaytiradi. Bu esa pullik avtoturargohlarni yuqori zichlikdagi muhitga qanday moslashtirish mumkinligini koʻrsatadi.

Yomgʻirdan qutulib...

Bilasizmi, nega Nyu-York shahridagi eski binolarning 1-qavati ham yerdan baland koʻtarib qurilgan? Chunki avtomobil ixtiro qilinishidan avval, shahar koʻchalarida otlar va ot-aravalar nihoyatda koʻpayib ketgan, shahar koʻchalari ot axlatiga deyarli botib qolgan edi.

Yozda iflos chang, qishda esa balchiqdan sal boʻlsa-da omon qolish uchun uy ostonalari baland koʻtarib qurilgan. Avtomobillar paydo boʻlgach, shaharliklar “nihoyat katta muammodan qutuldik” deb yengil nafas olishgan.

Taqdir hazilini qarangki, bir paytlar yechim sifatida paydo boʻlgan avtomobillar koʻpligi endi muammolar manbaiga aylangan. Ularning tabiatni zaharlash kamchiligi elektromotorli avtomobillarga oʻtish bilan hal qilinayotgan boʻlsa, tirbandlik muammosi jamoat transporti va veloyoʻlkalarni rivojlantirish hamda pullik toʻxtab turish tizimini takomillashtirish vositasida hal qilinmoqda.

Pullik avtoturargohlar tizimi Oklahoma Sitidagi kamtarona ibtidosidan beri ancha uzoq yoʻlni bosib oʻtdi. Bugungi kunda u shahar boshqaruvida, iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy ustuvorliklarni muvozanatlashda muhim rol oʻynayapti. Sohaga ilgʻor texnologiyalarni integratsiya qilish natijasida pullik toʻxtash joylari butun dunyo shaharlari uchun juda foydali yechim boʻlib qolishiga shubha yoʻq. Shaharlashuv jarayoni davom etaverar ekan, pullik toʻxtash tizimlarining evolyutsiyasi barqarorlik, tenglik va texnologik integratsiyalarga usutvorlik berib, jtimoiy oʻzgarishlarni oʻzida yanada kengroq aks ettirib boraveradi. Zero hozirgi zamon talabi shunday.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+