Ochilmagan sirlar. Perudagi Naska geogliflari
Suratlar qanday vazifani bajargani haqidagi savollar – astronomik xaritalarmi, diniy belgilarmi, hatto ilohiy kuchlar yoki oʻzga sayyoraliklar aloqa vositasimi – hamon ochiqligicha qolmoqda.
Shu paytgacha yashab oʻtgan koʻplab xalqlar va madaniyatlar haqida ular yozib qoldirgan bitiklar yoki ashyolar hamda qurgan inshootlarining qoldiqlariga qarab baho beramiz, tarix yozamiz. Bu bitiklarning koʻpchiligi tushunarli: ularda oʻtmishdagi odamlarning hayot tarzi yoki orzulari oʻz aksini topgan. Turli bitiklarning nima maqsadlarga xizmat qilganini ham taxminan tushunamiz. Masalan, qarz daftarlari, xaritalar va hokazolar uchun xizmat qilgan. Biroq Perudagi, xususan, Naska va Palpadagi togʻ yon bagʻirlari, platolardagi ulkan suratlarning nima maqsadda va kim uchun chizilganini tushunish qiyin.
Sirlar toʻla makon
Lotin Amerikasi qitʼasidagi Peru qaror topgan hududlar asosan togʻli boʻlsa-da, qadimda bu yerda hayot qaynagan, madaniyat gullab-yashnagan. Bu yerlar nafaqat oltin va boyliklari, balki sirli tarixi bilan ham sayyohlar, istilochilar, oʻgʻrilar va olimlarni oʻziga jalb qilib kelgan. Masalan, nega inklar yashagan Machu Pikchu shahri bir paytlar gavjum boʻlganu, aholi uni toʻsatdan, shoshilib tark etgan? Nega bu yerdagi ibodatxona va qurbonlik keltiriladigan binolar xuddi Misrdagi kabi ehrom shaklida qurilgan? Va bizni ayni paytda qiziqtiradigan savol – Naska platosidagi ulkan suratlar nimani anglatadi va nima maqsadga xizmat qilgan?
Naska chiziqlari va suratlari
Peruning janubiy qismida ulkan qoyali dasht choʻzilib yotadi. Agar bu makonga qadam qoʻysangiz, yerda koʻplab toʻgʻri chiziqlar chizilganiga guvoh boʻlasiz. Bir qarashda shunchaki mayda toshlar bir chetga surilib, yer biroz tirnalgan. Bular ariq emas, chunki juda sayoz, qolaversa, bu iqlimi oʻta quruq, qoyali va shagʻalli joylarda dehqonchilik qilish imkonsiz. Bu yerda odamlar ham yashamagan, shahar va qishloqdan uzoq joylashgan.
Naska suratlari haqida ilk marta, 1553 yilda ispan konkistadorlari bilan birga kelgan tarixchi va geograf Pedro Sesa de Leon xabar bergan. U “Peru xronikasi” kitobida bu chiziqlarni tasvirlagan boʻlsa-da, ularning suratligini bilmagan, shunchaki yoʻl koʻrsatkichlar deb oʻylagan. Zero, tepadan qaralmasa, ularning suratligini bilib boʻlmaydi.
Nihoyat, 1939 yilda bu yerdagi uzun chiziqlarning mohiyati oydinlashdi. Amerika arxeologi Pol Kosok Naska platosi ustidan samolyotda uchib oʻtganida, yerda ulkan suratlar borligini payqab qoldi. Germaniyalik olim, arxeologiya doktori Mariya Rayxe esa 1941 yilda ushbu chiqiziqlarni chuqurroq oʻrganib chiqib, olamga mashhur qildi.
Biroq u mazkur suratlarni – Naska gelogliflarini (ispancha Líneas de Nazca – Naska chiziqlari) faqat 1947 yilda, harbiy aviatsiya yordamida havodan suratga olishga muvaffaq boʻldi.
Arxeloglarning hisoblashicha, Naska suratlari bundan deyarli bir yarim ming yil avval, taxminan eramizning 400-600 yillarida (yaʼni taxminan Muhammad paygʻambar tugʻilishi va Islom dini yoyilishi arafasida) Naska madaniyati vakillari tomonidan chizilgan. Bu yerda yashagan, bizga maʼlum va koʻproq oʻrganilgan inklar madaniyati esa XII asrdan shakllana boshlagan.
Naska suratlari aks ettirgan olam
Naska suratlari – gigant oʻlchamdagi geometrik figuralar hamda hayvonot olamiga oid suratlardan iborat. Uzunligi 50 km, eni 5-7 km keladigan ulkan Naska platosida 143 ga yaqin surat – qushlar, maymun, oʻrgimchak, gullar va hokazolarning suratlari, shuningdek, 13 mingga yaqin chiziq va tasmalar, 700 ga yaqin geometrik figuralar – asosan uchburchak va trapetsiyalar hamda 100 ga yaqin spirallar aks ettirilgan.
Yarimdasht quruq iqlimining sharofati bilan bu suratlar bizgacha buzilmay yetib kelgan. (Biroq hozirda turli antropologik omillar va tezkor urbanizatsiya ularga zarar yetkaza boshlagan – muallif.)
Suratlarning oʻlchami bir necha 100 metr boʻlgani bois, 1939 yilgacha ularning surat ekanini shu atrofda yashovchi odamlar ham bilishmagan. Naska geogliflari 1994 yilda YuNESKO Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan. Chunki avlodlar almashinuvi natijasida, yaqin atrofda yashovchi odamlar va koʻchib kelganlar bu suratlarning nima maqsadda chizilganini bilish uyoqda tursin, ularning surat ekanini, hatto suratlar borligini ham anglashmagan. Zero ularni koʻrish uchun qush uchadigan balanlikka yoki baland choʻqqilarga chiqib qarash kerak.
Sirli holat koʻp...
Naska platosida odam yoki mashina yursa ham izi qoladi. Lekin bu chiziqlarni chizgan odamlarning izi qolmagan. Shuningdek, yer ustidagi yupqa oq va qora qatlam turlicha qizishi oqibatida hosil boʻlgan bosim va harorat xilma-xilligi sharofati bilan, bu chiziqlarni qumli boʻronlar shu paytgacha oʻchirib tashlay olmagan.
Chiziqlar va naqshlarning oʻzi tuproqda kengligi 135 santimetrgacha va chuqurligi 40-50 santimetrgacha (oʻrtacha chuqurlik 25-30 santimetr) boʻlgan ariqchalar qazish yoʻli bilan chiziladi. Natijada qora toshli yuzada oq chiziqlar hosil boʻladi. Eng qizigʻi, chiziqlar ichidagi mayda shagʻalning rangi ariqcha rangidan farq qilmaydi. Biroq, chiziqlarning oʻzi balanddan qarasa yaxshi koʻrinadi va umumiy landshaft fonida ajralib turadi.
Qiziq jihati shundaki, barcha suratlar bir xil uslubda, uzuq-yuluq emas, ulanmagan toʻgʻri chiziqlar bilan, yana tagʻin baʼzilari 8 km uzunlikda sidirgʻa chizilgan. Bu chiziqlar qurigan daryolarni kechib oʻtgan, adirlarga chiqqan boʻlsa ham, chiziqlar umuman burchakda ogʻishmagan. Goʻyoki kimdir tepadan (hali samolyotlar ixtiro qilinmagan davrda – muallif) turib bu ishlarni boshqarib turgan yoki ulkan odam, ulkan mix bilan shu yerlarni tirnab, bir xil uslubdagi 1000 ga yaqin figuralarni chizgan! Hattoki hozirgi zamonda ham bunday uzluksiz va uzun chiziqlarni chizish mushkul, deyishadi mutaxassislar. Qolaversa, 200-300 metrli qush suratini chizish uchun uni rejalashtirish, loyihalashtirish va tepadan turib chizish jarayonini boshqarib, muttasil tuzatish kiritib turish talab etiladi.
Undan ham qiziq jihatini yaqinda, 2019 yilda yapon olimlari aniqlashdi. Naska platosidagilar bu yaqin atrofda yashamaydi, ular ancha uzoqda joylashgan hududlarga xos qushlardir. Masalan, qorayaloq And togʻlari sharqiy yonbagʻridagi oʻrmonlar va Ekvador shimolida uchraydi. Aytgancha, bu yerdagi tasvirlardan birini kolibri qushi deb oʻylashgan. Ammo u sinchiklab oʻrganilsa, qorayaloq qushi ekani maʼlum boʻldi. Saqoqush esa sohil boʻyidagi hududlarda uchraydi. Lekin negadir oʻsha hududlarda bunday geogliflar chizishmagan.
Yapon olimlarining taxmin qilishicha, peruliklarni shunchaki bu yerda yashamagan ekzotik qushlar oʻziga jalb etgan boʻlishi mumkin.
Qanday qush ekani aniqlanmagan suratlardagi parrandalar esa oʻtmishda Peruda yashagan boʻlishi mumkin.
Ochilmagan sirlar. Oʻz-oʻzidan yonib ketish fenomeni
Suratlarni chizishdan maqsad: tasdiqlanmagan taxminlar
Yuqorida ishora qilinganidek, Naska chiziqlari zamonaviy ilm-fanga maʼlum boʻlganida ularni yoʻl koʻrsatkichlar deb oʻylashgan. Ammo hech kim yashamaydigan joylarda qandaydir qush va geometrik chiziqlar nimani va qayerga yoʻnalishni koʻrsatishi nomaʼlum. Shu bois bu taxmin kuchsiz hisoblanadi.
Ayrim olimlar esa bu suratlar Naska madaniyati diniga oid ilohlarni aks ettiradi, yoki qurbonlik qilish joylari, yoxud muqaddas joylar, yoki ularga eltuvchi yoʻnaltiruvchi chiziqlar hisoblanadi.
Boshqa bir taxminlarga koʻra, bu chiziqlar dehqonchilik uchun zarur boʻlgan oʻziga xos taqvim hisoblanadi. Yaʼni qachon ekin ekish, qachon oʻrish mumkinligini koʻrsatuvchi yoʻriqnoma ham deyishadi.
Naska suratlarini tushuntirishga harakat qiluvchi boshqa bir taxminlarga, ayniqsa, ommaviy adabiyot va ufologiyadagi farazalarga koʻra, bu suratlar oʻzga sayyoraliklarning havo kemalari parvozi hamda qoʻnishi uchun navigatsiya vazifasini bajargan emish. Masalan, Tohir Shohning “Qanotlar uchun soʻqmoqlar: Peruning qush-odamlarini izlab” nomli kitobida shunday farazlar keltirilgan.
Nega oʻzga sayyoraliklar desangiz, XX asrgacha insoniyat hali parvoz qilishni oʻrganmagan edi-da! Biroq Naskadagi chiziqlar qachondir va qandaydir parvoz apparatlari uchun qoʻnish va koʻtarilish uchun foydalanilgani borasida aniq dalillar yoʻq.
Hozir ham suratlar topilyapti
Tinib tinchimagan yapon olimlari Nasko platosining aerokosmik suratlarini oʻrganib, sunʼiy intellekt yordamida qayta ishlab, hozirgacha maʼlum boʻlmagan suratlarni ham topishmoqda.
Jumladan, Yaponiyadagi Yamagata universiteti mutaxassislari 2019 yilda vayron boʻlgan uzuq-yuluq chiziqlarni jamlashtirib, 10 ga yaqin figuralarning oʻtmishda qanday surat boʻlganini aniqlashdi.
2015 yilda esa ular yana 40 ga yaqin shunday suratlarni topishgan.
Eng oxirgi topilgan surat – 37 metrli mushuk surati boʻlib, nisbatan yaqinda – 2020 yil oktabrida adirlik yonbagʻrida aniqlangan. Peru madaniyat vazirligi bayonotida aytilishicha, tomosha qilish maydonchasi taʼmirlanayotgan paytda suratni payqab qolishgan. Ushbu mushuk surati ancha avvalroq, eramizdan avvalgi 800-100 yillarda yashab oʻtgan Parakas madaniyati mahsuli ekani aytiladi.
Naska sirlari hamon ochilmay qolmoqda...
Shunday qilib, Naska geogliflari qadimgi sivilizatsiyalarning eng sirli meroslaridan biri boʻlib qolmoqda. Keng qamrovli tadqiqotlar va turli farazlarga qaramay, bu ulkan tasvirlarning koʻp jihatlari haligacha ilm-fan uchun jumboq. Ammo eng muhimi, mazkur geogliflar Naska madaniyati qanday ekani va ular atrofdagi dunyo bilan qanday munosabatda boʻlgani haqida tasavvur qilish imkonini beradi. Geogliflar qanday vazifani bajargani haqidagi savollar – ular astronomik xaritalarmi, diniy belgilarmi yoki hatto ilohiy kuchlar yoki oʻzga sayyoraliklar aloqa vositasimi – hamon ochiqligicha qolmoqda.
Biroq Naska chiziqlarining maqsadi qanday boʻlishidan qatʼi nazar, ular butun dunyo boʻylab odamlarni hayratlantirish va ilhomlantirishda davom etaveradi. Bu qadimiy chizmalar nafaqat muhim arxeologik yodgorlik, balki qadimgi xalqlarning ijodiy va maʼnaviy merosidan dalolat berib turadi. Ular oʻtmish va hozirgi kunimiz oʻrtasida koʻprik oʻlaroq xizmat qiladi, har bir tadqiqotchini tarixning hali toʻliq oʻqilmagan sahifalari boʻylab qiziqarli sayohatga chorlaydi.
Abulfayz Sayidasqarov