Bobur haykalini koʻchirishda ilmiy kengash bilan kelishish kerak
Madaniy meros agentligining Andijondagi holat boʻyicha bergan izohiga koʻra, haykal madaniy meros roʻyxatiga kiritilgan.

Andijon shahridagi Bobur haykalini koʻchirib oʻtkazish boʻyicha qarorga Madaniy meros agentligi munosabat bildirib, agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi bilan kelishish kerakligini taʼkidlagan.
Qayd etilishicha, Bobur monumental sanʼat yodgorligi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktabrdagi 846-sonli qarori bilan Moddiy madaniy merosining koʻchmas mulk obʼektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan.
Davlat kadastrlari palatasi Andijon viloyati boshqarmasi 8 noyabr kuni haykalni Fitrat koʻchasidagi “Jome meʼmoriy majmuasi” arxitektura yodgorligi hududiga koʻchirish boʻyicha murojaat qilgan.
Agentlikning eslatishicha, bunday loyihalarga Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi xulosa beradi. Bobur haykalini koʻchirish masalasi yuzasidan ham tegishli tashkilotlarga kengash xulosasini olish uchun tushunchalar berilgan.
Maʼlumot uchun, Prezidentning 2021 yil 19 iyundagi PQ-5150-sonli qarorining 4-bandida:
- sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obʼektlari joylashgan aholi punktlarining bosh rejalari agentlik bilan kelishilishi majburiy hisoblanishi;
- moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obʼektlarida, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarda, Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlarda va ularning qoʻriqlanadigan tegralarida obʼektlarni qurish, buzish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari agentlik bilan majburiy tartibda kelishilishi belgilab qoʻyilgan.
Eslatib oʻtamiz, Andijon viloyati hokimligi haykalni koʻchirishni Bobur xotirasiga atab barpo etilgan maydon yangi qurilayotgan koʻprik yaqinida joylashgani, loyiha qurilishi yakunlangach, ushbu maydon anchayin yopiq koʻrinishga kelib, maydonning bir qismi koʻprik ostida qolishi bilan izohlagandi.