platina.uz
Jamiyat

6 yil oldin ham shu gap aytilgan

Izboskandagi abgor yoʻllar haqidagi maqolamizga tuman hokimligi umumiy berilgan munosabat bilan qutuldi.

6 yil oldin ham shu gap aytilgan
Fotokollaj: Platina.uz

Andijon viloyati Izboskan tumanidagi asosiy va ichki yoʻllarning abgor holati haqida tayyorlagan reportajimizga tuman hokimligi matbuot xizmati umumiy va "navbatchi" munosabat bilan qutuldi, deyish mumkin.

Unda aytilishicha, 4R-116 “Namangan-Poytugʻ-Andijon” davlat ahamiyatiga ega avtomobil yoʻlining 18 km qismi tuman hududidan oʻtgan. 4K-88 “Poytugʻ-Jonobod-Moygir” mahalliy ahamiyatga ega avtomobil yoʻlidagi uzunligi 7 km yoʻllar hozirgi kunda qoplamaning yaroqli muddati oʻtgani sababli, ichki imkoniyatlardan kelib chiqqan holda muntazam joriy taʼmirlash va saqlash ishlari olib borilmoqda.

Yaʼni biz maqolada koʻtargan muammo bor, buni tan olishyapti. Hokimlikning alohida taʼkidlashicha, mazkur yoʻllarni mukammal taʼmirlash boʻyicha kelgusi yillar dasturlariga takliflar kiritilgan. Ammo aynan qaysi yil ekani ochiq yozilmagan.

2018 yilda tuman markazidagi eski bozor buzilishi va yangi bozor qurilishi boʻyicha hozirgi hokim (oʻsha paytda birinchi oʻrinbosar) Elyor Karimov odamlarni sarson qilayotgan muammoni 10 kun ichida hal qilishga vaʼda bergandi.

Afsuski, oradan 6 yil oʻtgan boʻlsa-da, orasi bir-biridan uzoq boʻlmagan, ammo infratuzilma va qatnov tomonidan bir qator muammoli bozor muammosi hamon saqlanib turibdi.

Matbuot xizmati hokimiyat jim turmaganini, yoʻllarni yaxshilash boʻyicha ishlar qilinganini ham qoʻshib ketgan. Jumladan, tumanda jami 175 km umumfoydalanuvdagi avtomobil yoʻllari va 886 km ichki xoʻjalik yoʻllari mavjud. Bu yoʻllar holatini yaxshilash boʻyicha 2024 yil davomida tumanda 36 km yoʻllar joriy taʼmirlandi, 500 metr yangi piyodalar yoʻlagi va 350 metr velosiped yoʻllari qurildi, 700 metr piyodalar yoʻlaklari taʼmirlandi. 360 ta yoʻl belgisi yangisiga almashtirildi. 79 km yoʻl yotiq chiziqlari chizildi. 1 ta transport vositalarini tartibga soluvchi svetofor oʻrnatildi.

Ichki xoʻjalik yoʻllari boʻyicha jami 5,7 km, "tashabbusli byudjet" dasturi orqali fuqarolar tashabbusi bilan 9 ta mahallada 26 km ichki koʻchalar asfaltlandi va 8 km qismida asfaltlash ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, 49 km ichki koʻchalar shagʻallandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid