Prezident Andijon viloyati boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi
Qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan maydonlar, jumladan, qir-adirlardan jami 1800 gektar yerning toifasi oʻzgartiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 18 noyabr kuni Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Yigʻilishda Andijon viloyati hokimi qaror loyihasini taqdimot qildi. Unda 2025 yilda Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar nazarda tutilgan. Jumladan, 3 milliard 100 million AQSh dollari miqdorida investitsiya oʻzlashtirish, 334 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish, 305 ming nafar aholi bandligini taʼminlash hamda 1 milliard AQSh dollari miqdorida eksport qilish vazifasi belgilangan.
Shuningdek, viloyatda aholi zichligi inobatga olinib, yer masalasida imkoniyatlar yaratiladi. Qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan maydonlar, jumladan, qir-adirlardan jami 1 ming 800 gektar yerning toifasi oʻzgartiriladi. U yerlarda ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish majmualari, uy-joylar barpo etiladi.
Davlat rahbari takliflarni maʼqullab, yangi imkoniyatlardan samarali foydalanish, loyihalarni zamonaviy infratuzilma bilan taʼminlash, aholining bandligini va daromadlarini oshirish boʻyicha qoʻshimcha koʻrsatmalar berdi.
Avvalroq viloyatning Izboskan tumanidagi abgor yoʻllar haqida reportaj tayyorlagan edik.