Rus kriminal avtoriteti – Ded Hasan
Rossiya, umuman sobiq sovet respublikalarida faoliyat yurituvchi uyushgan jinoyatchilik yetakchilari orasida rus va kavkaz jinoiy guruhlari yetakchi oʻrin tutadi. Ular baʼzan oʻzaro nizolashsa, baʼzan hamkorlikda ish bitirgan.
...90-yillarda Gʻarbga darcha ochilib, yangi davr – kapitalizm, biznes va erkinlik davri boshlangani jinoyatchilar uchun ham ayni muddao boʻldi. Avvallari avtobus yoʻlovchilarining 10-15 soʻmiga koʻz olaytirgan, juda uzoq borsa, xonadonlarni talash bilan shugʻullangan oʻgʻri va tovlamachilar qarshisida ulkan imkoniyatlar maydoni ochildi. Boylar kundan kunga koʻpayib borardi, hammayoqda pul, supurib olsang boʻldi! Tortib olishning yoki aldab-qoʻrqitib olishning uddasidan chiqsang kifoya! Kun ora kimnidir tunab yoki qaysidir boyni oʻldirib ketishar edi.
Bunday toʻpolonlar jinoyatchilar orasida ham tinmagan. Rus mafiyasi hamda kavkazlik jinoyatchilar oʻzaro kelisha olmagan. Ammo shunday sharoitda ularning hammasini boshini qovushtira olgan jinoiy yetakchilar boʻlgan. Shunday “obroʻli” oʻgʻrilardan biri – Rossiyaning eng nufuzli kriminal avtoriteti Aslan Usoyan edi. U yosh jihatdan ham, tajriba va obroʻ jihatidan ham kriminal dunyo “oqsoqoli” boʻlgan.
Biroq gadoning dushmani gado boʻladi, deganlari rost chiqdi. Aslan Usoyan (laqabi “Ded Hasan”) 75 yoshida Moskva markazidagi restorandan chiqayotganida yollanma qotilning oʻqiga roʻpara keldi. Yaralangan Ded Hasan chuqur koma holatida Botkin shifoxonasiga yetkazilgan. U tibbiy muassasaga olib kelinganidan 10 daqiqa oʻtib, jarrohlik amaliyotiga tayyorlanishayotgan paytda yorugʻ dunyoni tark etdi.
Oʻsha davrda “avtoritetlarga nisbatan qandaydir ov boshlandi”, degan versiyalar ham oʻrtaga chiqdi. Chunki 4 yilcha avval, 2009 yilning kuzida eng mashhur qonuniy oʻgʻrilardan biri, obroʻsi Ded Hasannikidan ham balandroq Vyacheslav Ivankov (laqabi “Yaponchik”) otib ketilgan, garchi tirik qolgan boʻlsa-da, 2,5 oy oʻtgach, peritonit yuzaga kelgani bois vafot etgan edi...
90-yillar inersiyasi
2013 yilga kelib, Rossiyada hokimiyat vertikali oʻzini tiklab olgan, operativ vaziyat tarozisi huquqni muhofaza qilish idoralari foydasiga bosishni boshlagan. Bir qarashda 90-yillar shovqin-suroni ortda qolgan boʻlsa-da, qonuniy oʻgʻrilarga suiqasdlar davrining yangilanishi koʻpchilikni taajjubga soldi. Zulmat dunyosi elitasida nimadir jarayon, ehtimol transformatsiya va hudud hamda boylik manbalarni qayta taqsimlash davri boshlangan edi.
Chunki Aslan Usoyan Rossiyadagi eng nufuzli kriminal “boss”lardan biri edi. Uning joniga qasd qilishga jurʼat qilganlar ham oddiy oʻgʻri va bezorilar boʻlmagani aniq. Zero Usoyan hayotiga suiqasdga urinish avval ham yuz bergan, ammo Usoyan omon qolgan edi: 2010 yilda Moskva markazidagi Tver koʻchasida hokimiyat va uning qoʻriqchisi snayperlar tomonidan oʻqqa tutilgan, ammo ikkalasi tirik qolgan.
Ded Hasan jamoasidagi yana bir taniqli avtoritet – Vyacheslav Ivankov (Yaponchik)ning ham oʻldirilganiga sabab – Kavkazning ikkita yetakchi mafiya klanlari – bir tomondan Tariel Oniani (Muluxov) guruhi va boshqa tomondan Ded Hasan oʻrtasidagi qarama-qarshilikning keskinlashgani, deya taxmin qilingan. Anigʻi shuki, jinoiy dunyoda taʼsir va manfaat doiralarini qayta taqsimlash ketayotgandi.
Lekin shunday boʻlsa-da, Oniani 2010 yilda Moskva shahar sudi tomonidan tadbirkorni oʻgʻirlab ketishda ayblanib, 10 yilga qattiq tartibli koloniyaga hukm qilindi. Uning Ded Hasanning oʻldirilishiga aloqadorligi oʻz isbotini topmadi.
Kam sonli millat vakili
Aslan (Hasan) Rashidovich Usoyan asli gruziyalik. Millati boʻyicha yazidiy kurd boʻlib, 1937 yil 24 fevralda Tbilisida tugʻilgan. 19 yoshida u militsiya xodimlariga qarshilik koʻrsatgani uchun 1 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qilingan.
1959 yil 15 yanvarda Tbilisining Stalin tuman sudi Aslan Usoyanni talonchilikda ayblab, 5 yilga ozodlikdan mahrum qildi, biroq u keyinchalik shartli ravishda ozod etildi.
Biroz vaqt oʻtgach, 1966 yil 28 dekabrda Tbilisining Oktabr tuman sudi uni chayqovchilik qilgani uchun 3 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Qamoqxonada Usoyanga David Shaumyanskiy va Mehrach "Fartoviy" tomonidan “qonuniy oʻgʻri” toji kiydirildi. 1968 yil 24 iyun kuni esa Gruziya SSR Sulukidze viloyati xalq sudining qarori bilan Usoyan shartli ravishda ozod qilindi.
1996 yildan boshlab, Usoyan qonun oʻgʻrisi, arman uyushgan jinoiy guruhi vakili Rudolf Oganov (Rudik Bakinskiy) bilan ziddiyatda boʻlgan. Armani qonun oʻgʻrisi taʼsir doiralarini qayta taqsimlashga va Krasnodar oʻlkasidagi bizneslarni nazorat qilishga bel bogʻlagan, bu esa Usoyanga yoqmagan edi.
Alamzada Rudik 1997 yil noyabr oyida Moskva viloyatida oʻtgan oʻgʻrilar “sxodkasi” – yigʻilishida Ded Hasanni qonuniy oʻgʻri maqomidan mahrum qilishga urindi.
1998 yil boshida esa Oganovning sheriklaridan biri, Edik Moskva laqabli qonuniy oʻgʻri Pyatigorskda oʻldirib ketildi. Nihoyat klanlar urushi Rudikning (Oganovning) oʻldirilishi bilan yakunlandi – 1999 yil fevral oyida Moskva halqa yoʻli yaqinidagi yoʻl boʻyidagi qahvaxonada Rudikka 40 dan ziyod oʻq otishgan.
1998 yilda Rudik tarafdorlari Sochida Usoyanni oʻldirishga harakat qildi, biroq qotil niyatiga yeta olmadi.
Usoyan 2006 yilda, endi dushmanlaridan qutuldim degan chogʻida gruzin mafiyasining oqimlaridan biri – Taro laqabi bilan tanilgan Tariel Oniani boshchiligidagi boshqa jinoiy klan bilan mojaroga duch keldi.
Tomonlar BAAda hibsga olingan va Ispaniyaga ekstraditsiya qilingan qonuniy oʻgʻri Zaxariy Kalashovga (Shakro Molodoy) tegishli korxonalar ustida talashib qolishdi. Usoyan qonuniy oʻgʻri Lasha Shushanashvili (Lasha Rustavskiy) vaqtincha boshqaruvchi boʻlishi kerak, degan pozitsiyani egalladi. Biroq Oniani klani bunga qarshi chiqdi.
2008 yil 2 mayda Aslan Usoyan jinoyat olamining nufuzli vakillarining “sxodka”sini tashkil etdi. Yigʻilishda 2014 yilda Sochida boʻlib oʻtadigan Olimpiada uchun ajratilgan mablagʻlarni nazorat etish masalalari muhokama qilindi. Taʼsir doiralarini taqsimlash boʻyicha bahsda Vyacheslav Ivankov (Yaponchik) Usoyan tarafida boʻldi.
2008 yil 8 iyulda esa Usoyan va Yaponchik raqib Oniani klani tomonidan taklif qilingan “sxodka”ga borishmadi. Moskva viloyatidagi Klyazma suv omborida kemada 33 nafar qonun va hokimiyat oʻgʻrilari toʻplanishdi. Bahs avjiga chiqqan paytida kemaga Rossiya ichki ishlar vazirligining Markaziy federal okrug boʻyicha bosh boshqarmasi xodimlari bostirib kirishdi. Politsiya Georgiy Managadzeni (Giya Kutaisskiy) Rossiyada boʻlishga ruxsat beruvchi hujjatlari yoʻqligi uchun hibsga oldi.
2008 yil noyabr oyida Moskva restoratori Gela Sersvadze yaralandi, u, Rossiya ichki ishlar vazirligiga koʻra, Oniani biznesiga masʼul boʻlgan va kemani ijaraga olish bilan shugʻullangan.
Shu tariqa Usoyan 2009 yildan boshlab, Kavkaz uyushgan jinoiy guruhlarning rahbariga aylangan. Shu bilan birga, Rossiya uyushgan jinoiy guruhlarning aksariyatini nazorat qilgan, ular oʻrtasidagi mojarolar va kelishmovchiliklarni tartibga solgan, “razborka”larda qozilik qilgan.
2009 yil 22 mayda nomaʼlum shaxslar Usoyanning biznes sherigi – “Skif” laqabli qonuniy oʻgʻri Andrey Golubevni va “Korsak” laqabli kriminal boshligʻi Korsakovni otib tashladi. Ushbu qotillik Usoyanning odamlari va raqib Oniani klani oʻrtasida yanada jiddiy toʻqnashuvlarni keltirib chiqardi. Hatto Usoyanning tarafdori – Vyacheslav Ivankovni oʻldirishganini ham Oniani klani bilan bogʻlashadi.
2010 yilning 27 aprelida Ded Hasan Kiyevda Ukraina hududiga soxta hujjatlar yordamida kirmoqchi boʻlganida qoʻlga olindi.
Oʻsha yilning 16 sentabr kuni kechqurun Moskvada Tver koʻchasida 12-bino, 7-uy hududida Aslan Usoyanga suiqasdga urinish boʻldi. U oshqozonidan uchta oʻqdan jarohat olgan. Avvaliga Ded Hasan va uning qoʻriqchisi oʻldirilgani aytilgan edi. Huquq-tartibot idoralaridagi manbaga koʻra, Usoyanning oʻlimi haqidagi maʼlumot tezkor xodimlardan olingan va tezkor sabablarga koʻra, jinoyatchilarni chalgʻitish maqsadida tarqatilgan, biroq keyinchalik rad etilgan.
Lenkoranskiy aybdormi?
Jinoiy avtoritetlarning “sxodka”laridan birida Ded Hasan oʻziga suiqasd uyushtirishga ozarbayjonlik qonuniy oʻgʻri Rovshan Janiyev (Rovshan Lenkoranskiy – bu haqda yana alohida toʻxtalamiz) buyurtma berganini, jinoyatchi esa “Asxab” ekstremistik islom guruhining killerlaridan biri ekanini aytadi.
Shuncha suiiqasdlardan omon chiqqan Usoyanning umr yoʻli 2013 yil 13 yanvarda nihoyasiga yetadi. Shu paytgacha koʻplab avtoritetlarni narigi dunyoga joʻnatgan Ded Hasan endi oʻz ham ularning ortidan ravona boʻlishdan boshqa iloji qolmaydi.
Ded Hasanning murdasi sovimasidan, uning klani tezda “sxodka” chaqiradi. Yigʻilishda Usoyaning jiyani – Dmitriy Chanturiyani (laqabi – “Miron”) yangi yetakchi etib saylashadi. Shundan keyin Usoyanni dafn etishga tayyorgarlik boshlanadi.
Avvaliga Ded Hasanni ona yurti Gruziyada, onasining qabri yonida koʻmishni maqsad qilishadi. Biroq Gruziya rahbariyati, ehtimol mafiyasining taʼsirida bunga imkon berishmaydi. Ded Hasan tobutini yana Moskvaga qaytarib olib kelishadi...
Kriminal olam oqosoqoli Ded Hasan Moskvadagi Xovan qabristonidan qoʻnim topadi. Keyinroq uning qabri tepasiga hashamatli marmar yodgorlik quriladi.
Majmua oʻrtasida Ded Hasanning granit haykali qad rostlab turibdi. Haykal oʻychan koʻzlarini uzoqlarga tikkancha jim qotgan. Goʻyoki tiriklarga bir gapni aytmoqchi boʻladi: unutmang, hayotda siz tanlagan yoʻl har doim toʻlovni talab qiladi. Shunday ekan, qudrat va boylik orttirish emas, odamlar qalbida qanday iz qoldirish haqida qaygʻurib yashang!..
Abulfayz Sayidasqarov