Namangan viloyatida 7 noyabrdan isitish mavsumi boshlanmoqda
Viloyatda kommunal va boshqa sohalar mutasaddilardan iborat Tezkor shtab tuziladi.

Namangan viloyatida aholi turar joylari va ijtimoiy soha obʼektlarini isitish mavsumi 2024 yil 7 noyabrdan boshlanadi. Bu haqda hokim Shavkat Abdurazzoqovning farmoyishi eʼlon qilindi.
Viloyat qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi "Issiqlik manbai" DUK bilan birgalikda kommunal xizmatlar koʻrsatilayotgan hududlardagi koʻp qavatli uylar, ijtimoiy soha va boshqa obʼektlarga qish mavsumida uzluksiz hamda bir meʼyorda issiqlik energiyasi yetkazib berilishini taʼminlaydi. Viloyatda kommunal soha mutasaddilaridan iborat Tezkor shtab tuziladi. Tuman va shaharlar IIB binolarida mazkur shtabga biriktirilgan boshqa shtablar tashkil etiladi. Ular 2024 6 noyabrdan 2025 yil 15 martgacha tunu-kun faoliyat yuritadi.
Tabiiy gaz yetib bormaydigan hududlarni suyultirilgan gaz bilan taʼminlash choralari koʻriladi.
Mazkur farmoyishning bajarilishini nazorat qilish viloyat hokimining oʻrinbosari Gʻ. Jamolov hamda Gʻ.Murodxoʻjayevlar zimmalariga yuklangan.
Eslatib oʻtamiz, 7 noyabrdan Toshkent va Navoiyda ham isitish mavsumi boshlanishi xabar berilgandi. Oʻzbekiston boʻylab ilk bor 1 noyabrdan Surxondaryoda isitishga start berilgandi.