Prezident Oʻzbekiston qahramoni vafoti munosabati bilan taʼziya bildirdi
Tajribali fermer oʻnlab iqtidorli shogirdlar tayyorlab, qishloq xoʻjaligi sohasini malakali kadrlar bilan taʼminlash borasida ibrat namunasini koʻrsatgan.

Shavkat Mirziyoyev butun hayoti va mehnat faoliyatini qishloq xoʻjaligi rivojiga bagʻishlagan taniqli fermer, Oʻzbekiston Qahramoni Ahmad Narzullayev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
"Mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi sohasining yetuk namoyandasi, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Ahmad Narzullayevning yorqin xotirasi qalbimizda hamisha saqlanib qoladi", deyiladi taʼziyanomada.
Eslatib oʻtish kerak, taniqli fermer bugun 68 yoshida vafot etgandi.
A.Narzullayev 1956 yili Denov tumanida tugʻilgan. Mehnat faoliyatini tumandagi “Surxonoziqovqatsanoati” aksiyadorlik jamiyatida boshlagan. Keyinchalik Toshkent politexnika institutini tamomlab, “Shargʻun” gʻisht zavodida, Denov tumanidagi 37-mexanizatsiyalashgan koʻchma kolonna va eksperimental ishlab chiqarish birlashmasida turli vazifalarda ishlagan. 1991 yildan “Lochin” fermer xoʻjaligi rahbari sifatida fidokorona mehnat qilgan.
A.Narzullayev 50 yildan ziyod davom etgan ish faoliyati mobaynida boy bilim va hayotiy tajribasini, kuch-gʻayratini el-yurt ishiga bagʻishlagan. U koʻp yillar Surxondaryo viloyati va Denov tumani xalq deputatlari kengashlarining aʼzosi sifatida ushbu hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va yuksaltirish, aholining turmush sharoitini yaxshilash, taʼlim, tibbiyot, madaniyat maskanlari qurish va obod qilish, yangi bogʻ va xiyobonlar barpo etish, yoshlarni ona yurtga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda jonbozlik koʻrsatgan.
Tajribali fermer oʻnlab iqtidorli shogirdlar tayyorlab, qishloq xoʻjaligi sohasini malakali kadrlar bilan taʼminlash borasida ham ibrat namunasini koʻrsatgan.
Ahmad Narzullayev “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni va “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan edi.