platina.uz
Jamiyat

Sergelidagi portlash aybdorlariga jazo eʼlon qilindi

Hodisa oqibatida 163 kishi jabrlangan, bir kishi esa vafot etgandi. 4 nafar sudlanuvchining har biriga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 

Sergelidagi portlash aybdorlariga jazo eʼlon qilindi

Oʻtgan yili sentabr oyida sodir boʻlgan, Toshkentning Sergeli tumanidagi portlash aybdorlariga hukm oʻqildi.

"Quruvchilar" dahasida 2023 yilning sentabr oyida sodir boʻlgan portlash voqeasida aybdor deb topilganlarga sud hukmi oʻqildi. Bu haqda "Daryo" nashri xabar berdi.

2023 yilning 28-sentabr kuni tunda Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi "Quruvchilar" dahasida Inter Logistics MChJga qarashli omborxonada kuchli portlash va yongʻin sodir boʻlgandi. Jabrlanganlarning umumiy soni 163 nafar boʻlib, bir nafar oʻsmir hodisa oqibatida vafot etgan. Koʻp oʻtmay mazkur ish boʻyicha tuzilgan hukumat komissiyasi axboroti eʼlon qilindi va 4 kishi qamoqqa olingani aytildi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudida mazkur ish koʻrib chiqilib, 4 nafar sudlanuvchining har biriga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sud hukmiga koʻra, Inter Logistics MChJ direktori F.S. Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi «a» va «b» bandlari bilan aybli deb topilib, ikki yil rahbarlik va yongʻin xavfsizligi yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan hamda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

MChJ qoʻriqlash (harbiylashgan, yongʻindan saqlanish, qorovullik) boshligʻi F.A. ham Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi «a» va «b» bandlari bilan aybli deb topilib, u ham shu modda bilan ikki yil rahbarlik va yongʻin xavfsizligi yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan, shuningdek, besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Polychem MChJ direktori S.B. va ombor mudiri N.K. ham Jinoyat kodeksining aynan shu moddalari bilan aybli deb topilib, ularga ham 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Mahkumlar tayinlangan jazoni manzil koloniyada oʻtashi belgilandi.

Jabrlanuvchi va fuqaroviy daʼvogarlarga Inter Logistics MChJ va Polychem MChJdan 282 milliard soʻm mablagʻ solidar tartibda undirilishi belgilandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid