Ukraina sobiq prokurori "500 mingga yaqin yoʻqotishlar" haqida gapirdi
Uning aytishicha, "xalq haqiqatni bilishi kerak".
Ukraina sobiq bosh prokurori Yuriy Lutsenkoning aytishicha, mamlakat urush boshidan beri 500 mingga yaqin askaridan ayrilgan (yaralangan va mayib-majruhlarni ham qoʻshganda).
Bu haqda u “Pryamoy” telekanali efirida maʼlum qilgan.
Lutsenkoning taʼkidlashicha, agar u eʼlon qilgan yoʻqotishlar sonini oylarga boʻladigan boʻlsak, Ukraina Qurolli kuchlari har oy 30 ming kishini yoʻqotayotgan boʻladi.
“Shunda biz frontda nima boʻlayotganini taxminan tushunamiz. Bular halok boʻlganlar va ogʻir yaralanganlarning real raqamlaridir. Odamlarga haqiqatni aytish kerak, ishonchim komilki, ukrainaliklar haqiqatni bilishga loyiq”, — deydi Ukraina sobiq bosh prokurori.
Lutsenkoning soʻzlariga koʻra, Ukraina hukumati Qurolli kuchlar safiga hali qoʻshilmagan ukrainaliklarni “komfort zonasi”dan olib chiqish uchun yoʻqotishlar haqida real maʼlumotlarni taqdim etishi kerak. Sobiq bosh prokurorning fikricha, bu orqali fuqarolar safarbarlikdan qochmaslikka harakat qiladi.
Eslatib oʻtamiz, Rossiya ham, Ukraina ham urush boshidan beri oʻz yoʻqotishlari haqida aniq raqamlarni taqdim etmay keladi. Economist nashri avvalroq Ukraina 190 ming kishigacha askar yoʻqotgani haqida yozgan. Ukraina esa Rossiya 350 mingdan oshiq askar yoʻqotganini aytib keladi.
Bundan tashqari Rossiya oʻz armiyasini xorijliklar hisobiga toʻldirmoqchi boʻlgani maʼlum qilingandi.