Isroil ommaviy qirgʻinbarot sabab Xalqaro sudga tortilishi mumkin
Ayblov Isroilning diplomatik izolyatsiyasiga, boykot va sanksiyalarga olib kelishi mumkin.

Isroil prokurorlari va xavfsizlik xizmati rasmiylari BMT Xalqaro sudi yahudiy davlatini Gʻazo sektorida genotsid sodir etishda ayblashi mumkinligidan xavotirda. Bu haqda Isroilning Haaretz gazetasi xabar berdi.
Nashr maʼlumotlariga koʻra, nomi oshkor etilmagan huquqshunos-ekspert Isroil armiyasi qoʻmondonligini, jumladan, Bosh shtab rahbari Gerzi Ha-Levini Xalqaro sudning Gʻazoda oʻt ochishni toʻxtatish talabi bilan qaror qabul qilishining real ehtimoli haqida ogohlantirgan. Isroil harbiylari va mamlakat prokuraturasi allaqachon shikoyatni koʻrib chiqishga tayyorgarlik koʻrishga kirishgan. Maʼlum qilinishicha, ushbu masala yuzasidan mamlakat Tashqi ishlar vazirligida yigʻilish boʻlib oʻtadi.
Gazetaning qayd etishicha, Xalqaro suddagi ayblov Isroilga qarshi genotsid ayblovlarini kuchaytirishi va uning diplomatik izolyatsiyasiga, boykot va sanksiyalarga olib kelishi mumkin.
Maqolada taʼkidlanishicha, Isroil yurisdiksiyasini tan olmaydigan Gaaga Xalqaro jinoiy suddan farqli oʻlaroq, yahudiy davlati BMT Xalqaro sudi oldida majburiyatlarga ega. Bundan tashqari, Isroil BMTning Genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash toʻgʻrisidagi konvensiyasini imzolagan va ratifikatsiya qilgan.
Oʻtgan yilning dekabr oyi oxirida Janubiy Afrika Respublikasi Gʻazo sektorida Isroil tomonidan sodir etilgan genotsid haqida bayonot bilan BMT Xalqaro Sudga murojaat qilgan.
Eslatib oʻtamiz, Isroil zarbalari oqibatida Gʻazoda oʻlganlar soni 20 ming kishidan oshib ketdi. Shuningdek, hududda yuzdan ortiq jurnalistlar halok boʻldi.