platina.uz
Jamiyat

Havo sifatini yaxshilash boʻyicha tezkor choralar eʼlon qilindi

Baland bino va inshootlar qurishni vaqtinchalik taqiqlash taklif etildi. 

Havo sifatini yaxshilash boʻyicha tezkor choralar eʼlon qilindi

Oxirgi vaqtlarda Toshkentdagi havo ifloslanishi masalasi keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda. "Yuksalish" umummilliy harakati holatni yaxshilash yuzasidan 10 ta birlamchi chora-tadbir takliflarini ishlab chiqdi.

Soʻrovda 34 nafar mutaxassis, jumladan, tegishli vazirlik va qoʻmitalar, tadqiqotchilar, mahalliy ekofaollar va jurnalistlar ishtirok etdi.

  1. Respondentlarning aksariyati (80,7 foiz), birinchi galda, chang koʻtarilishini kamaytirish uchun barcha ochiq maydonlarga daraxtlar va koʻp yillik oʻtlarni ekish orqali «yashil belbogʻ» yaratish kerak, deb hisoblaydi. Bunga qoʻshimcha sifatida ekilgan daraxtlarni doimiy parvarishlash, monitoring qilish, kesish holatlariga jazoni kuchaytirish muhimligini taʼkidladi.
  2. Soʻralgan ekologlarning 74,4 foizi shaharsozlik Bosh rejalari tasdiqlanmaguncha yangi, ayniqsa, koʻp qavatli va noturar binolar qurilishiga moratoriy joriy etish, qurilishlarga faqat «yashil» standartlar doirasida ruxsat berish zarur, deb hisoblaydi.
  3. Respondentlarning 70,1 foizi havoni ifloslantiruvchi omillar haqida aniq tushuncha va maʼlumotlarga ega boʻlish uchun maxsus uskunalar orqali ifloslantiruvchi manbalarni (korxona, zavod, issiqxona va boshqalar) monitoring qilish kerak, degan fikrda. Bunda masʼul idoralar va NNTlar vakillaridan iborat tezkor monitoring guruhini tuzish maqsadga muvofiqligi taʼkidlangan.

Monitoringda asosiy urgʻu quyidagilarga qaratilishi tavsiya etiladi:

  • ifloslanish darajasi, sabablari va tarkibini oʻrganish, uni bartaraf etish choralarini ishlab chiqish;
    natijalarini OAVda eʼlon qilib borish;
  • havoni ifloslantirishga sabab boʻlgan korxonalarga ijobiy xulosalar yoki faoliyat yuritish uchun ruxsatnomalar bergan shaxslarni javobgarlikka tortish;
  • qoidabuzarlarga jarima va jazo choralarini qoʻllash;
  • havo sifatini yaxshilash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish.
  1. Respondentlar, shuningdek, havoning ifloslanganlik holati haqida aholini xabardor qilish, zarur choralarni koʻrish boʻyicha tavsiyalar beriladigan keng koʻlamli targʻibot ishlarini oʻtkazishni aytgan (57,3 foizi). Axborot bilan taʼminlash tizimli, doimiy va ekolog mutaxassislarning maʼlumotlariga tayanilgan boʻlishi kerak, deyiladi bayonotda.
  2. Ekspertlar barcha transport vositalarini, jumladan, traktor va texnikalarni rejadan tashqari texnik koʻrikdan oʻtkazish taklifini qoʻllab-quvvatlagan (53 foiz). Shuningdek, ular nosoz uskunalardan foydalanishni taqiqlashni yoqlagan.
  3. Mutaxassislar, shuningdek, ijtimoiy-ahamiyatli obʼektlarda (maktab, bogʻcha, shifoxona va boshqalar) havoni tozalovchi tizimlarni oʻrnatishni (50,6 foiz) hamda ish beruvchilarga bino va ofislar ichkarisida havoni tozalash boʻyicha tezkor choralar koʻrishni ham tavsiya etgan (42,1 foiz).
  4. Respondentlarga koʻra, vaqtinchalik chora sifatida namlikni oshirish uchun yerosti suvlaridan foydalangan holda favvoralar sonini koʻpaytirish zarur (25 foiz).
  5. Ayrimlarining fikricha, moʻʼtadil mikroiqlimni taʼminlash va havo sifatiga ijobiy taʼsir koʻrsatish uchun sunʼiy suv havzalarini yaratish ham samarali choralardan biri.
  6. Soʻrovda qatnashgan ekspertlarning 19,3 foizi ifloslanish darajasi yuqori boʻlgan kunlarda aholi orasida tibbiy niqob taqish zarurligi toʻgʻrisida tushuntirish ishlarini olib borish kerak, deb hisoblaydi.
  7. Shuningdek, soʻralganlarning 18 foizi qishloq va oʻrmon xoʻjaligi, ishlab chiqarish, omborlarda yongʻinning oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish kerakligini taʼkidlagan. Chunki dala va oʻrmonlarda, xavfli kimyoviy moddalar saqlanadigan omborlarda sodir boʻladigan yongʻinlardan havo sifatiga hamda inson salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi zaharli tutun va kul tarqalishi mumkin, deb taʼkidlanadi xabarda.

Eslatib oʻtamiz, Toshkentdagi iflos havo boʻyicha tushuntirish va tavsiyalar eʼlon qilingandi. Unda havodagi zararli zarrachalar va ulardan himoyalanish ham bayon etilgan. Shuningdek, Toshkent shahar hokimligi ham ekologiya boʻyicha maxsus dastur tuzilayotganini maʼlum qilgandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid