Pokiston kuchlari Eron hududiga hujum uyushtirdi
Bu bir kun avvalgi zarbalarga javob deya talqin qilinmoqda.

Pokiston Eronning oʻziga qoʻshni boʻlgan hududlaridagi nishonlarga hujum qildi. Bu haqda Pokiston razvedka xizmatining yuqori martabali manbasi AFPga maʼlum qilgan.
Eronning IRNA agentligi maʼlumotlariga koʻra, Pokiston bilan chegaradosh Seiston va Balujiston viloyatida joylashgan Seravon tumanining bir qancha hududlarida portlashlar sodir boʻlgan.
Mehr agentligi uch ayol va toʻrt bola halok boʻlgani haqida xabar berdi.
Viloyat gubernatorining xavfsizlik masalalari boʻyicha oʻrinbosari Aliriza Marhamatining soʻzlariga koʻra, xavfsizlik kuchlari tergovni boshlagan.
Pokiston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat armiyasi “Eronning Seiston va Balujiston viloyatidagi terrorchilar boshpanalariga "yuqori darajada muvofiqlashtirilgan va aniq nishonga olingan bir qator harbiy zarbalar” berganini maʼlum qildi. Departament maʼlumotlariga koʻra, razvedka davomida bir necha terrorchi yoʻq qilingan.
“Pokiston Eron Islom Respublikasining suvereniteti va hududiy yaxlitligini toʻliq hurmat qiladi. Bugungi amaliyotdan yagona maqsad Pokistonning oʻz xavfsizligi va milliy manfaatlarini taʼminlash edi, bular muhim ahamiyatga ega boʻlib, hech qanday xavf tugʻdirmaydi”, — deyiladi TIV bayonotida.
Vazirlik Pokiston xalqaro hamjamiyatning masʼul aʼzosi sifatida BMT Nizomi tamoyillari va maqsadlarini, jumladan, aʼzo davlatlarning hududiy yaxlitligi va suverenitetini qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.
Eslatib oʻtamiz, bir kun avval Eron kuchlari Pokistonning chegaradagi hududlariga zarbalar bergandi. Ekspertlarga koʻra, Pokistonning amaliyoti shu hujumlarga javobdir.