Sirdaryodagi yirik oʻgʻrilik ortidan ikki kishi ushlandi
Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.

Sirdaryodagi zapravkada 62,5 mlrd. soʻmlik gaz oʻgʻirlanishi sabab ikki mansabdor ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
“B. M.” MChJ mansabdor shaxslari va boshqalar jamiyatga qarashli Boyovut tumani "Beruniy" mahallasida joylashgan avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchasida tijorat maqsadlarida noqonuniy daromad orttirishni koʻzlashib, hisoblagich priboridan tashqari gaz tarmogʻiga toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzboshimchalik bilan ulashib, noqonuniy ravishda 62,5 mlrd. soʻmlik 41 mln 666 ming metr tabiiy gazni oʻgʻirlashganligi aniqlandi.
Holat yuzasidan “B. M.” MChJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, 2 nafar shaxs protsessual tartibda ushlandi" deyiladi maʼlumotda.
Eslatib oʻtamiz, bir necha kun avval “Oʻzenergoinspeksiya” tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda ushbu zapravkada 62 mlrd 488 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlangandi.