platina.uz

DXX Toshkentda tashkil etilgan narkolaboratoriyani aniqladi

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Jamiyat
12-yanvar, 11:48
DXX Toshkentda tashkil etilgan narkolaboratoriyani aniqladi

DXX tomonidan Toshkent shahrida aniqlangan narkolaboratoriya faoliyatiga chek qoʻyildi.

Soʻnggi vaqtlarda yoshlar orasida sintetik narkotik moddalar va kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining isteʼmoli tobora ommalashib bormoqda.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bojxona qoʻmitasi xodimlarini jalb qilgan holda oʻtkazilgan maxsus tadbir davomida Toshkent shahrida yashirin faoliyat olib borgan narkolaboratoriya fosh etildi.

Jumladan, 1986 va 1988 yillarda tugʻilgan, oliy maʼlumotli boʻlgan 2 nafar shaxs logistika faoliyati bilan shugʻullanish niqobi ostida Shayxontohur tumanidagi xonadonlardan birida sintetik giyohvandlik vositalarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanishgan.

Koʻzdan kechirish jarayonida xonadonda jami 56 ta oʻramda 26 kg.ga yaqin “Mefedron” giyohvandlik vositasi, sintetik narkotik tayyorlashda foydalaniladigan 400 kg.dan ortiq suyuqlik va kukun koʻrinishidagi kimyoviy moddalar hamda xom-ashyolar, zarur asbob-uskunalar borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, giyohvandlik vositalari tayyorlashda foydalaniladigan asbob-uskunalar, xom-ashyo va prekursorlar xorijdan keltirilganligi va tayyorlangan narkotik moddalarning savdosi Internet tarmogʻi orqali amalga oshirilganligi maʼlum boʻldi.

Tadbir davomida olingan narkotik moddalar taxminan 80 ming “doza”ni tashkil qilishi va qora bozordagi qiymati 900 ming AQSh dollariga tengligi, shuningdek, narkolaboratoriyada saqlanayotgan 400 kg.dan ortiq kimyoviy moddalar va xom-ashyolar yordamida 50 kg.ga yaqin “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi ishlab chiqarish mumkinligi maʼlum boʻldi.

Narkolaboratoriya aniqlanganligi holati yuzasidan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, DXX Tergov boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Avvalroq Sirdaryoda qariyb 62,5 mlrd. soʻmlik gaz talon-toroj etilgani aniqlangandi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+