Rossiya TIV Toshkentda oʻquvchining kaltaklanishiga munosabat bildirdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri oʻrinbosari Alisher Qodirov esa Rossiya tomonini oʻz muammolari bilan shugʻullanishga chaqirdi.

Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Oʻzbekiston poytaxti Toshkent shahridagi maktabda oʻquvchining kaltaklanishiga munosabat bildirdi. Hodisa Chilonzor tumanidagi maktablarning birida, rus tili darsida sodir boʻlgan.
"Video mazmuni bolaga nisbatan oʻta xavotir va hamdardlik uygʻotmasligi mumkin emas. Biz Oʻzbekiston tomonidan rasmiy tushuntirish soʻradik. Ikki davlat oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilikka asoslangan doʻstona munosabatlarda hech qanday adovatga, ayniqsa, til masalasida oʻrin yoʻq va boʻlishi ham mumkin emas. Izchil chora-tadbirlar koʻrish, jumladan, koʻp asrlik aloqalarimizda rus tilining qoʻllanilishining foydali taʼsirini jamoatchilikka eslatish, madaniy-maʼrifiy, ilmiy va ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan oʻzaro boyitish kerak", — dedi Mariya Zaxarova.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri oʻrinbosari Alisher Qodirov esa Rossiya tomonini oʻz muammolari bilan shugʻullanishga chaqirdi. "Bizning ichki ishlarimiz haqida bosh qotirguncha muammolarga toʻla oʻzlarining ishlari bilan shugʻullanishsa, toʻgʻri boʻlar edi", — deydi "Milliy tiklanish" partiyasi raisi.
Toshkent shahar IIBB avvalroq hodisa yuzasidan surishtiruv oʻtkazilayotgani haqida xabar bergandi.
Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yili Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova tarixchi Zaxar Prelipinning "Oʻzbekistonni bosib olish" haqidagi soʻzlarini "shaxsiy pozitsiya" deya tariflagandi.