Tadbirkorlik bilan shugʻullangan yuzdan ziyod davlat xodimlari aniqlandi
Ushbu xodimlar Transport, Maktabgacha va maktab taʼlimi, Madaniyat vazirliklari va ularning tizim tashkilotlarida faoliyat yuritadi.

Transport, Maktabgacha va maktab taʼlimi hamda Madaniyat vazirliklari va ularning tizim tashkilotlarida tadbirkorlik bilan shugʻullayotgan xodimlar aniqlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan vazirlik va idoralar, davlat muassasalari va tashkilotlar xodimlarining tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish holatlari yuzasidan oʻrganishlar oʻtkazib kelinmoqda.
Xususan, Transport, Maktabgacha va maktab taʼlimi hamda Madaniyat vazirliklari va ularning tizim tashkilotlari oʻrganilgan. Natijada ularda faoliyat yuritayotgan 116 nafar boshqaruv xodim 107 ta tadbirkorlik subʼektlarida taʼsischilik asosida faoliyat yuritib kelayotganligi aniqlandi.
Jumladan, Transport vazirligining 50 ta boshqaruv xodimlari 55 ta tadbirkorlik subʼektlarida, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 37 ta boshqaruv xodimlari 39 ta tadbirkorlik subʼektlarida hamda Madaniyat vazirligining 20 ta boshqaruv xodimlari 22 ta tadbirkorlik subʼektlarida taʼsischilik asosida faoliyat yuritib kelgan.
Yuqoridagi holatlarini bartaraf etish boʻyicha mazkur vazirliklarga Agentlik tomonidan kiritilgan taqdimnomalar ushbu vazirliklar tomonidan tanqidiy muhokama qilindi va tadbirkorlik subʼektlarida taʼsischilik qilayotgan xodimlarga nisbatan ogohlantirish xatlari berilib, qayd etilgan qonunbuzilishi holatlari bartaraf etilmoqda.
Avvalroq Qurilish, Suv hamda Qishloq xoʻjaligi vazirliklari va ularning tizim tashkilotlari oʻrganilganda 398 nafar boshqaruv xodimi tadbirkorlik subʼektlarida taʼsischilik asosida faoliyat yuritib kelayotganligi maʼlum boʻlgandi.
Eslatma: «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida»gi Qonunining 4-moddasiga asosan davlat organlari (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno), ularning mansabdor shaxslari, shuningdek tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi qonunchilikda man etilgan boshqa shaxslar tadbirkorlik faoliyati subʼektlari boʻlishi mumkin emasligi belgilangan.
Shu bilan birga, «Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida»gi Qonunining 13-moddasida davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishga, tadbirkorlik faoliyati subʼektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) boʻlishga, tadbirkorlik faoliyati subʼektida tashkiliy-boshqaruv, maʼmuriy-xoʻjalik vazifalarini bajarishga davlat fuqarolik xizmatini oʻtash bilan bogʻliq cheklovlar oʻrnatilgan.