Aziz Voitovga aloqador jinoyat ishida 50 kishi sudlanmoqda
Sobiq vazirga oid dastlabki sud majlisida ikki jinoyat ishi birlashtirilgan. Sud 5 sentabrda boʻlib oʻtadi.

Sobiq qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitovga oid jinoyat ishi boʻyicha sud 5 sentabr kuniga qoldirildi.
Oliy sud xabariga koʻra, bunda ikki sud ishi bittaga birlashtirilib, sudlanuvchilar soni 50 kishini tashkil etmoqda.
15 avgust kuni jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudining ish yurituvida boʻlgan A. Voitov (Qishloq xoʻjaligi vaziri lavozimida ishlagan) va boshqalarga hamda jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudining ish yurituvida boʻlgan X. Karimov (Qishlok xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi direktori lavozimida ishlagan) va boshqalarga oid jinoyat ishlarini bitta ish yurituvga birlashtirish yuzasidan dastlabki eshituv oʻtkazildi.
Dastlabki eshituv Jinoyat-protsessual kodeksining 405-6-moddasi talabiga muvofiq yopiq sud majlisida oʻtkazilib, uning natijasi boʻyicha ikkita jinoyat ishi bitta ish yurituvga birlashtirildi.
A. Voitov va boshqalarga (jami 50 kishi) oid jinoyat ishini jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudi tomonidan birinchi instansiyada koʻrib chiqish boʻyicha ochiq sud jarayoni 2024 yil 5 sentabr soat 15.00 da jinoyat ishlari boʻyicha Yunusobod tuman sudi binosida boshlanadi.
Tergov organining ayblov xulosasiga koʻra sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 167, 168, 184, 185-2, 189, 205, 206, 28,209, 209, 211, 228 va 243-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
29 nafar sudlanuvchiga nisbatan “qamoqqa olish”, 15 nafariga “garov“ va 6 nafariga "munosib xulq-atvorda boʻlish haqidagi tilxat" tarzidagi ehtiyot choralari qoʻllanilgan.
Eslatib oʻtamiz, Aziz Voitov 2023 yilda iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib qoʻlga olingandi.