Markaziy bank iqtisodiy kutilmalar sharhini taqdim etdi

Chorakdagi eng muhim hodisa  asosiy stavka 0,5 foiz bandga pasaytirilib, yillik 13,5 foiz darajasida belgilangani boʻldi. 

Iqtisod
2-avgust, 11:50
Markaziy bank iqtisodiy kutilmalar sharhini taqdim etdi

Oʻzbekistonda pul-kredit siyosatini amalga oshirishda asosiy eʼtibor – iqtisodiyotda narxlar barqarorligini taʼminlash va inflyatsiya darajasining 5 foizlik oʻrta muddatli targetiga erishishga qaratilmoqda. 

Markaziy bankning 2024 yil 2-choragi uchun eʼlon qilgan “Pul-kredit siyosati sharhi”da shunday raqam keltiriladi.

Taʼkidlash kerak, yakunlangan chorakdagi eng muhim hodisa – Markaziy bank boshqaruvining joriy yil 25 iyulida asosiy stavkani 0,5 foiz bandga pasaytirib, yillik 13,5 foiz darajasida belgilashga qaror qilgani boʻldi. 

Qayd etish lozim, Inflyatsiyaning kutilayotgan dinamikasi va inflyatsiyani oshiruvchi xatarlarning kamayganligini inobatga olinib, 7 yilu 1 oy deganda asosiy stavka 14 foizdan pastga tushirildi. Zero, 2017 yilning iyuni oxirida, valyuta liberalizatsiyasiga tayyorgarlik doirasida asosiy stavka 9 foizdan 14 foizgacha koʻtarilgan va hozirgacha 14 foizdan pastlamagan edi. 

Hisobotda taʼkidlanishicha, bazaviy inflyatsiyaning pasayishi va inflyatsion kutilmalar dinamikasi energiya tariflari oshirilishining inflyatsiyaga ikkilamchi taʼsiri kutilganidan past boʻlayotgani bois, yil yakunida inflyatsiya prognoz koridorining quyi chegaralarida shakllanishi boʻyicha ishonchni oshirgan.

Jumladan, iyun oyida umumiy inflyatsiya yillik 10,6 foiz darajasida qayd etilib, inflyatsiyaning barqaror komponentlari va meva-sabzavotlar narxlarida sezilarli pasayish kuzatilgan. Tashqi bozorlardagi narxlar dinamikasi ham import inflyatsiyasiga pasaytiruvchi taʼsir koʻrsatishda davom etmoqda.

Markaziy bankning taʼkidlashicha, joriy yildagi bazaviy inflyatsiya tendensiyasi va inflyatsion omillar taʼsirining kutilganidan pastroq boʻlishi hisobiga inflyatsiya prognozi pasayish tomonga qayta koʻrib chiqilgan. Yil yakunida umumiy inflyatsiyaning 9 foiz atrofida shakllanishi va 2025 yil oxirida 5 foizlik target darajasiga yaqinlashishi kutilmoqda.

Lekin shu bilan birga, yil yakunigacha inflyatsion kutilmalarning hozirgi dinamikasi davom etishi boʻyicha ayrim noaniqliklar, shuningdek, xizmatlar bazaviy inflyatsiyasi yuqoriligi bilan bogʻliq inflyatsiyani oshiruvchi xatarlar ham saqlanib qolayotgani maʼlum qilingan.

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+