Metan gaz narxini bozor belgilaydi – hukumat topshirigʻi
Prezident isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida hukumatga bozor mexanizmlarini joriy etish bilan birga gaz narxining asossiz oshirib yuborilishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha topshiriq berdi.
1 avgust kuni Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov prezident topshirigʻiga binoan vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida yoqilgʻi-energetika masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, deb xabar qildi hukumat rahbari matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov.
Uning soʻzlariga koʻra, yigʻilishda "metan narxining yuqori chegarasini" bekor qilish masalasi muhokama qilindi, endilikda davlat bu sohada narx belgilashga aralashmaydi.
Prezident isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida hukumatga bozor mexanizmlarini joriy etish bilan birga, gaz narxining asossiz oshirib yuborilishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha koʻrsatmalar bergan.
"Davlatning narxlarni tartibga solishga aralashuvi raqobat muhitining buzilishiga olib keldi. Shu sababli narxlarning yuqori chegarasi boʻlmaydi, narxlarni bozor belgilaydi. Raqobat qoʻmitasi va Bosh prokuraturaga narxlarni barqarorlashtirish boʻyicha prezident topshirigʻi berildi. Bu xuddi non va gʻalla narxlarini liberallashtirish misolida boʻlgani kabi amalga oshiriladi", dedi Bekzod Hidoyatov.
Bosh vazir matbuot kotibining aytishicha, tadbirkorlarga narx belgilashda erkinlik berish "xohlagan ishni qilish imkoniyatini anglatmaydi". Toʻrtta sektor rahbarlari narxlarning sunʼiy ravishda bir necha barobar oshirilmasligini taʼminlaydi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda 1 avgust kuni avtomobillar uchun metanning may oyi oxirida oʻrnatilgan bir kubometr uchun 3750 soʻm miqdoridagi eng baland chakana narxi muddati tugadi.
Telegramda kuzatib boring!