Namangan viloyatida byudjetdan qariyb 8 mlrd. soʻm ajratilishi maʼqullandi
"Navbahor lochinlari" futbol jamoasi uchun 3,5 mlrd. soʻm beriladi. Ayni paytda qaror jamoatchilikdan yashirilgan.

Xalq deputatlari Namangan viloyati kengashi qarori bilan 7 mlrd. 941 mln. soʻmdan oshiq mablagʻ ajratiladi.
Ushbu pul Namangan viloyatining viloyat byudjeti daromadlarining 2024 yil ikkinchi hisobot chorak yakuni boʻyicha aniqlangan prognozdan oshirib bajarilishi hisobidan taqdim etiladi.
Jumladan, xodimlarni qoʻllab-quvvatlash qoʻshimcha ustama berish uchun viloyat hokimligi va deputatlar kengashi kotibiyatiga 2 mlrd. 342 mln. soʻm, hokimlik "Qabullar uyi" va qoʻriqlash xarajatlari 851 mln. soʻm, "Navbahor lochinlari" futbol jamoasi uchun 3,5 mlrd. soʻm, Namangan shahrida qoʻl jangi boʻyicha Prezident kubogi turniri xarajatlari uchun 875 mln. soʻm beriladi.
Qaror ijrosining nazorati kengashning Mahalliy byudjet, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, investitsiyalar va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi hamda viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari zimmasiga yuklangan.
Ayni paytda qaror jamoatchilikdan yashirib qoʻyilgan.
Eslatib oʻtamiz, avval Namangan viloyati hokimi Uchqoʻrgʻon va Yangiqoʻrgʻon hokimliklari uchun mablagʻ ajratgandi.




