“AVO Bank” moliyaviy jarimaga tortildi

Bank mijozlarga bonus tariqasida pullar vaʼda qilib, uni naqd mablagʻ emas, ballar koʻrinishida taqdim etgan. 

Iqtisod
22-iyul, 17:36
“AVO Bank” moliyaviy jarimaga tortildi

Raqobat qoʻmitasi “AVO Bank” AJga nisbatan moliyaviy jarima belgiladi.

“AVO Bank” (raqamli bank)  koʻrsatayotgan xizmatlari haqida notoʻgʻri reklama tarqatayotganligi yuzasidan qoʻmitaga murojaat kelib tushgan.

Xususan murojaatda, bank saytining “AVO bonuslari” sahifasidagi reklama axborotlarida “250 000 so‘m Har bir yangi mijozga”, “+250 000 so‘m Sizga va Avoning har bir yangi mijoziga”, “Hisobingizga 250 000 so‘m olish” va “Kartaga 250 000 so‘m olish” kabi maʼlumotlar koʻrsatilganligi, biroq, bank tomonidan har bir yangi mijozga 250 000 soʻm pul berilmasligi, mazkur pul koʻrinishidagi bonuslarni olish uchun bank mijozi maʼlum bir harakatlarni amalga oshirishi lozimligi, shunda ham mijozga 250 000 soʻm pul mablagʻi naqd pul koʻrinishida taqdim etilmasdan bankning mobil ilovasi orqali bonus ballari koʻrinishida taqdim etilishi maʼlum qilingan.

 Ushbu holat yuzasidan olib borilgan oʻrganish ishlari natijasida “AVO Bank” AJning rasmiy veb-saytida “AVO Oʻzbekistondagi eng qulay mobil bank” mazmunidagi reklama joylashtirilganligi, shuningdek, bank tomonidan har bir yangi mijoz uchun 1 bonus bali 1 soʻmga teng boʻlgan bonus ballari taqdim etilishi maʼlum boʻlgan. Mijozning oʻz xohishiga koʻra ushbu bonuslarni pul mablagʻlariga almashtirishi yoki bankning koʻrsatgan xizmatlari uchun toʻlov sifatida ishlatishi mumkinligi belgilanganligi, shu sababdan reklama axborotlarida “Har bir yangi mijoz uchun 250 000 so‘m oling”, “Har bir taklif qilingan shaxs uchun 50 000 so‘m”, “Hisob raqamiga 250 000 so‘m oling” mazmunidagi iboralardan foydalanilganligi, biroq, “AVO Bank” AJning ushbu pul mablagʻlarini mijozlarning hisob-raqamlariga toʻgʻridan-toʻgʻri oʻtkazib berish imkoni mavjud emasligi aniqlandi.

Shu bilan birgalikda, “AVO Bank” AJ tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari va tashqi reklama vositalarida tarqatilgan reklama axborotlari qoʻshimcha ravishda oʻrganilganda bir qator kamchiliklar aniqlandi.

Jumladan, turli manbalar orqali eʼlon qilingan reklama axborotlarida “AVO Bank” AJning “AVO Platinum” kredit kartasi haqida joylashtirilgan maʼlumotlarida “AVO platinum kredit kartasi - har qanday xarid uchun 0% stavka” hamda “AVO platinum kredit kartasi – 2 millionga xarid qilib, 2 million qaytarish” degan mazmundagi iboralar foydalanilganligi kuzatildi.

Vaholanki, “AVO Bank” AJning “AVO Platinum” kredit kartasi mablagʻlaridan foydalanish shartlariga koʻra, mijozlarning ushbu kredit kartalari orqali amalga oshirgan xarid summalari uchun 45 kun davomida foizlar hisoblanmasligi, xarid amalga oshirilgan sanadan 45 kun oʻtgach ushbu pul mablagʻlari uchun belgilangan tartibda kredit foizlari hisoblanishi maʼlum boʻldi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasining “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunining 16-moddasi birinchi qismi va Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasi birinchi qismi talablari buzilishi alomatlari yuzasidan “AVO Bank” AJga nisbatan reklama va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari buzilganligi natijasida belgilangan tartibda moliyaviy jarima qoʻllash yuzasidan qaror qabul qilindi, deyiladi xabarda.

Avvalroq qoʻmita madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov qatnashgan reklama boʻyicha kiyim doʻkoniga jarima belgilangandi. 

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+