Mineral oʻgʻitlar narxi oshishi boʻyicha ish qoʻzgʻatildi
Raqobat qoʻmitasiga koʻra, oʻgʻit narxlari asossiz ravishda 10 foizdan 15 foizgacha oshib ketgan.

Raqobat qoʻmitasi mineral oʻgʻitlar narxini oshirgan korxonaga ish qoʻzgʻatdi.
Qoʻmita tomonidan “MAXAM-CHIRCHIQ” AJda ishlab chiqarilgan mineral oʻgʻit mahsulot narxlarini shakllantirishda amaldagi normativ xujjatlarga rioya etilmaganligi natijasida mahsulot narxlarini asossiz oshishiga olib kelgan harakatlarining alomatlari aniqlangan.
Natijada, mineral oʻgʻit mahsulotlari narxlari oʻrtacha 10 foizdan 15 foizgacha oshishiga sabab boʻlgan.
Yuqoridagilarga koʻra, Raqobat qoʻmitasi tomonidan “MAXAM-CHIRCHIQ” AJga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonuni talablari buzilishi alomatlari boʻyicha ish qoʻzgʻatildi.
Shuningdek, ushbu omil qishloq xoʻjaligi korxonalari (klaster, fermer, dehqon va boshqalar)ga bevosita taʼsir qilib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari narxlari oshishiga olib kelishi mumkin.
Qoʻzgʻatilgan ish oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqilib, qaror qabul qilingandan soʻng qoʻshimcha axborot beriladi, deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, qoʻmita avval elektr hisoblagichlar boʻyicha ham tekshiruv boshlagandi.