"Hududgaztaʼminot" raisi oʻrinbosari javobgarlikka tortildi
Hududiy gaz taʼminoti idoralari tomonidan qonun buzilishi holatlari aniqlangan.

"Hududgaztaʼminot" AJ raisi oʻrinbosari maʼmuriy javobgarlikka tortildi. Bu haqida Adliya vazirligi xabar berdi.
Yuridik va jismoniy shaxslarni gaz tarmoqlariga ulash boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga asosan gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlarni berish hududiy gaz taʼminoti tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi.
Adliya vazirligi tomonidan oʻtkazilgan davra suhbatida "Hududgaztaʼminot" AJ tomonidan reglamentga zid ravishda hududiy gaz taʼminoti tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan texnik shartlarni Jamiyatning markaziy apparati bilan kelishish amaliyoti joriy etilganligi aniqlangan.
Shuningdek, vazirlik monitoringlarida hududiy gaz taʼminoti filiallari tomonidan qonunbuzilish holatlarini oldini olish boʻyicha qonuniy talab qoʻyilgan taqdimnoma kiritilgan boʻlsada, mazkur qonunbuzilish holatlari bugungi kunga qadar davom etib kelmoqda.
Shunga koʻra, kelgusida yuqoridagi qonunbuzilish holatlarini oldini olish maqsadida "Hududgaztaʼminot" AJ boshqaruv raisi oʻrinbosari Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 215-5-moddasiga asosan maʼmuriy javobgarlikka tortildi, deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, bir necha kun avval "Hududgaztaʼminot"ga yangi raisi tayinlangandi.