Shavkat Mirziyoyev Dogʻiston voqealari sabab Putinga hamdardlik bildirdi
Toʻqnashuvlar sabab hozirgacha 15 politsiyachi va olti jangari halok boʻlgan.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Derbent va Mahachqala shaharlarida sodir etilgan terrorchilik harakatlari oqibatida koʻplab huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari va fuqarolar qurbon boʻlgani munosabati bilan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga maktub yoʻllab, chuqur hamdardlik bildirdi.
Oʻzbekiston yetakchisi Dogʻistondagi terrorchilik hujumlarini qatʼiy qoraladi hamda ushbu tahdidlarga qarshi kurashda tegishli tuzilmalarning faol hamkorligini davom ettirishga tayyorligini bildirdi, deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, 23 iyun kuni kechqurun nomaʼlum shaxslar Dogʻistonning ikki shahrida cherkov va sinagogaga hujum qildi.
Respublika rahbari Sergey Melikovga koʻra, hujumlarda hozirgacha 15 politsiyachi va olti jangari halok boʻlgan. Janglarning faol bosqichi yakunlangan. Uch nafar tinch aholi va 13 nafar politsiyachi shifoxonaga yotqizildi.
Sergokalinskiy tumani rahbari Magomed Umarov hibsga olingan. Maʼlumotlarga koʻra, uning ikki oʻgʻli jangarilar safida hujumlarda qatnashgan.
Mazkur voqealar ortidan Dogʻistonda uch kunlik motam eʼlon qilindi.