Mirziyoyev Putin bilan telefon muloqoti oʻtkazdi
Oʻzbekiston prezidenti Dogʻistondagi toʻqnashuvlar yuzasidan hamdardlik bildirgan.

24 iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.
Shavkat Mirziyoyev Dogʻistonda sodir etilgan terrorchilik harakatlari munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi, halok boʻlganlarning oilalariga taʼziya va dalda soʻzlarini bildirdi.
Oʻzbekiston Prezidenti bu gʻayriinsoniy zoʻravonlikni qatʼiy qoraladi hamda xavfsizlik sohasidagi umumiy tahdidlarga qarshi kurashda tegishli tuzilmalar oʻrtasidagi faol hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, 26-28 may kunlari Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Oʻzbekistonga tarixiy tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ham muhokama qilindi.
Kelgusidagi, shu jumladan koʻp tomonlama tashkilotlar doirasidagi tadbirlar rejasi ham koʻrib chiqildi, deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, 23 iyun kuni Dogʻistonning ikki shahrida jangarilar hujumi uyushtirildi. Oqibatda oʻndan ziyod politsiyachilar halok boʻldi.