platina.uz
Jamiyat

Senat oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari boʻyicha loyihani maʼqulladi

Qonunda bunday yerlarga oid maʼlumotlar avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali turli bosqichlarda kiritilishi nazarda tutilmoqda.

Senat oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari boʻyicha loyihani maʼqulladi

Oliy Majlis Senati oʻzboshimchalik bilan egallagan uchastkalarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etuvchi qonunni maʼqulladi.

Senatning ellik uchinchi yalpi majlisida “Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Ushbu Qonunning maqsadi oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Qonun bilan yer uchastkasi va unda qurilgan imoratga boʻlgan huquqni, shuningdek yakka tartibdagi uy-joy qurilgan oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga ijara huquqini eʼtirof etishning aniq tartiblari belgilanmoqda.

Oʻz navbatida, senatorlar Qonunning mazmun-mohiyatiga ham alohida toʻxtalib, huquqlarni eʼtirof etish borasida tegishli asoslar belgilanayotganligini aytib oʻtdi.

Jumladan, ortiqcha egallangan yer uchastkasiga, bogʻdorchilik va uzumchilik shirkatlari hududida joylashgan turar joylar egallagan yer uchastkasiga, kichik sanoat zonalari hududidagi yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini eʼtirof etish asoslari belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Qonunga oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga taalluqli maʼlumotlar va hujjatlar avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali bosqichlarda kiritilishi nazarda tutilmoqda.

Muhokama davomida senatorlar tomonidan Qonunning qabul qilinishi fuqarolar va tadbirkorlik subʼektlarining oʻzboshimchalik bilan egallab olgan yer uchastkalariga nisbatan ijara huquqini hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga nisbatan mulk huquqi eʼtirof etilishiga va bu orqali aholining ijtimoiy, iqtisodiy hamda ushbu bino va inshootlarni kommunal tarmoqlarga ulash boʻyicha tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolarining hal etilishiga imkon berishi taʼkidlandi, deyiladi xabarda.

Eslatib oʻtamiz, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi oʻzboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarga egalik huquqi boʻyicha loyihani bir oʻqishda qabul qilgandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid