Yil oxirigacha barcha hududlarda “112” yagona dispetcherlik xizmati ishga tushadi
Shuningdek, yagona dispetcherlik xizmatining vazifalari ham belgilandi.

2024 yilning yakuniga qadar barcha hududlarda yagona dispetcherlik xizmati ishga tushiriladi.
“112” yagona dispetcherlik xizmati faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (304-son, 29.05.2024 y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, hodisa va favqulodda vaziyatlar roʻy berganda shoshilinch yordam koʻrsatish uchun “112” qisqa raqam orqali fuqarolarning chaqiruvlarini qabul qilish va avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlash imkonini beruvchi yagona dispetcherlik xizmati tashkil etiladi.
“112” yagona dispetcherlik xizmati Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyatining shoshilinch xizmatlarini maʼlumotlarni uzatishning yagona tarmogʻiga birlashtirgan holda respublikaning barcha hududlari boʻyicha shoshilinch yordam chaqiriqlarini qabul qilish va qayta ishlash, aholiga shoshilinch yordam koʻrsatish faoliyatini boshqarishning yagona tizimi hisoblanadi.
Quyidagilar “112” yagona dispetcherlik xizmatining asosiy vazifalari etib belgilandi:
- fuqarolarning chaqiruvlarini qabul qilish va avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlash, ularga bepul asosda shoshilinch, tez va kechiktirib boʻlmaydigan yordamni tashkil etish va koʻrsatish;
- shoshilinch yordam koʻrsatishni boshqarish va muvofiqlashtirish;
- vazirlik va idoralarning shoshilinch xizmatlari tomonidan fuqarolarga oʻz vaqtida yordam koʻrsatilishi yuzasidan tizimli nazorat yuritish;
- vazirlik va idoralarning shoshilinch xizmatlari oʻrtasida yaqindan axborot almashinuvi boʻyicha tezkor oʻzaro hamkorlikni taʼminlash.
“112” yagona dispetcherlik xizmati quyidagi muddatlarda bosqichma-bosqich ishga tushiriladi:
- 2024 yil 1 iyundan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida;
- 2024 yil birinchi yarim yilligida Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida;
- 2024 yil yakuniga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi va qolgan viloyatlarda.
Taʼkidlash kerakki, avvalroq Prezident topshirigʻi boʻyicha 2024 yil 1 yanvardan Toshkent shahrida, 1 iyulga qadar vodiy viloyatlarida, 2024 yil yakuniga qadar esa barcha tuman va shaharlarda bu tizim ishga tushirilishi shartligi belgilangandi.
Shuningdek, Platina.uz ham yagona qutqaruv xizmati boʻyicha batafsil toʻxtalib oʻtgandi.
