AQSh "Krokus Siti Xoll"dagi terakt haqida Rossiyani avvaldan ogohlantirgani maʼlum boʻldi
Vashington teraktdan ikki haftadan koʻproq vaqt oldin Moskvaga maʼlumot taqdim etgan.

22 mart kuni "Krokus Siti Xoll"ga qilingan hujumdan ikki haftadan koʻproq vaqt oldin AQSh Rossiyaga konsert zali terrorchilarning potensial nishoniga aylanishi mumkinligi haqida maʼlumot bergan. Bu haqda The Washington Post (WP) amerikalik rasmiylarga asoslanib xabar berdi.
Nashr suhbatdoshlarining taʼkidlashicha, Vashington Moskvaga boʻlajak hujum haqidagi maʼlumotni AQShning Rossiyadagi elchixonasi ogohlantirish eʼlon qilishidan bir kun oldin bergan.
Gazeta manbalaridan biriga koʻra, Qoʻshma Shtatlar Rossiya rasmiylarini Moskvadagi sinagogaga ehtimoliy hujum haqida ham ogohlantirgan. 7 mart kuni Rossiya FXXsi Moskvadagi sinagogada IShID "Viloyati Xuroson" jangarilari tomonidan tayyorlanayotgan teraktning oldini olgani haqida xabar bergandi.
Eslatib oʻtamiz, mart oyi boshida Gʻarb diplomatik missiyalari Rossiyada teraktlar boʻlishi mumkinligi haqida ogohlantirib, fuqarolarni ushbu davlatga sayohat qilishdan tiyilishga undagandi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa, bu maʼlumotni "navbatdagi shantaj" deya atagandi.
"Krokus Siti Xoll" uyushtirilgan hujum natijasida jami 144 kishi qurbon boʻldi, 551 kishi esa jabrlandi. Hodisada ayblanuvchi sifatida oʻn kishi (asosan Tojikiston fuqarolari) qoʻlga olindi.