Toshkentda uy-joy ijarasi narxi tushishi davom etmoqda
Nisbatan arzon narxlar Sergeli va Olmazor tumanlariga, qimmatlari esa Yakkasaroy va Mirobod tumanlariga toʻgʻri kelmoqda.

Oʻzbekiston poytaxti Toshkentda ijara narxlarining pasayishi kuzatilmoqda. 2024 yilning fevral oyida Toshkent shahrida taklif etilgan uy-joy ijara narxlarini tahlil qilindi.
Toshkent shahrida ijara narxlari pasayishda davom etmoqda. 2024 yil fevral oyida poytaxtda oʻrtacha taʼmirlangan turkumdagi xonadonlar ijara narxlarida yanvar oyiga nisbatan oʻrtacha 0,34%ga, toʻliq taʼmirlangan turkumdagi uy-joylar ijara narxlarida esa oʻrtacha 0.13%ga tushish kuzatildi.
Oʻrtacha taʼmirlangan uy-joy ijarasi. 2024 yil fevral oyida ushbu sinfdagi 1 xonali xonadonlar uchun taklif etilgan ijara narxlari oʻtgan yanvar oyiga nisbatan oʻrtacha 0.3% ga pasayib, 394 dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2 xonali xonadonlar ijara narxlari esa 0,2% ga arzonlab, oʻrtacha 441 dollargacha tushdi. Shuningdek, oʻrtacha taʼmirlangan 3 va 4 xonali uylar ijara narxlari 0.4% ga pasayib, oʻrtacha narxlar mos ravishda 514 va 594 dollarni tashkil etdi.
Oʻrtacha taʼmirlangan turkumdagi uylar uchun nisbatan arzon ijara narxlari Sergeli (1 xonali - $358, 2 xonali - $393, 3 xonali - $435, 4 xonali - $450), Olmazor (1 xonali - $357, 2 xonali - $415, 3 xonali - $455, 4 xonali - $490) tumanlarida taklif etilgan boʻlsa, ushbu turkumdagi eng qimmat ijara narxlari Yakkasaroy (1 xonali - $420, 2 xonali - $488, 3 xonali - $657, 4 xonali - $738) va Mirobod (1 xonali - $467, 2 xonali - $520, 3 xonali - $620, 4 xonali - $832) tumanlarida kuzatildi.
Maʼlumot uchun: 2023 yil noyabr oyidan 2024 yil fevral oyigacha boʻlgan davrda oʻrtacha taʼmirlangan 1 va 2 xonali uylar uchun oʻrtacha ijara narxlari mos ravishda 1,8% ($401 dan $394ga) va 2,4%ga ($452 dan $441ga) tushgan.
Toʻliq taʼmirlangan uylar ijara narxlari. Fevral oyida toʻliq taʼmirlangan 1 xonali uylar uchun oʻrtacha ijara narxlari $475 ni tashkil etib, oʻtgan yanvar oyiga nisbatan 0.3%ga tushgan boʻlsa, 2 xonali uylar uchun ushbu koʻrsatkichlar mos ravishda $651 va 0.6% ni tashkil etgan. Shuningdek, 3 xonali uylar uchun taklif etilgan oʻrtacha ijara narxlarida ($790) ham biroz (0,1%) tushish kuzatildi.Lekin, toʻliq taʼmirlangan 4 xonali uylar oʻrtacha ijara narxlari 0.4% oshib, $919 gacha koʻtarilgan.
Toʻliq taʼmirlangan turkumdagi uylar uchun eng arzon ijara narxlari Sergeli (1 xonali - $393, 2 xonali - $462, 3 xonali - $560, 4 xonali - $761) va Uchtepa (1 xonali - $401, 2 xonali - $498, 3 xonali - $617, 4 xonali - $850) tumanlarida hamda ushbu turkumdagi eng qimmat ijara narxlari Shayxontohur (1 xonali - $555, 2 xonali - $848, 3 xonali - $1057, 4 xonali - $1028) va Mirobod (1 xonali - $570, 2 xonali - $861, 3 xonali - $1024, 4 xonali - $1128) tumanlarida kuzatildi.
Eslatib oʻtamiz, 2023 yilning oktabr oyida ham poytaxtda barcha turdagi xonadonlar uchun taklif etilayotgan ijara narxlari oʻtgan yilning mos davridagiga nisbatan arzonlashgan. Oʻshanda narxlar oʻrtacha 6-14 foizgacha tushgandi.