FVV xodimi pora bilan qoʻlga tushdi
DXX Samarqandda tezkor tadbir oʻtkazdi.

DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda IJQK Departamenti viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Samarqand tumani Favqulodda vaziyatlar boʻlimi kichik inspektori Sh.J. mahalliy fuqarodan pora olayotgan vaqtda qoʻlga olindi.
Maʼlum boʻlishicha, Sh.J xizmat mavqeyidan foydalanib, vakolatiga kirmasa-da, Favqulodda vaziyatlar tuman boʻlimi yoʻriqchi-qutqaruvchisi hamda Profilaktika va nazorat boʻlinmasi kichik inspektori bilan birgalikda Samarqand tumani “Qaynama” MFY hududida joylashgan "O.P." va "R.K. 777" masʼuliyati cheklangan jamiyatlarida yongʻin xavfsizligi yuzasidan tekshirish oʻtkazgan. Yakunda "O.P" masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari L.R.ning oʻzi va opasi K.R.ga tegishli "R.K. 777" MChJlarda yongʻin xavfsizligi talablari boʻyicha bir qator kamchiliklar aniqlanganligini vaj qilib, ushbu kamchiliklarni tekshirish dalolatnomasiga qayd etmasligi va ularni maʼmuriy javobgarlikka tortmasligi uchun 600 AQSh dollari miqdoridagi pul mablagʻini berishni talab qiladi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro Sh.J. talab qilingan 600 AQSh dollari miqdoridagi pullarni firibgarlik yoʻli bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Ushbu holat yuzasidan fuqaro Sh.J.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qonuniy chora koʻrilishi belgilandi.
Avvalroq Buxoroda prokuror qoʻlga olingan, u haqda prezident ham gapirib oʻtgandi.