platina.uz
Iqtisod

Amaldorlar daromadini aniqlashni tartibga soluvchi qonun hamon qabul qilinmayapti

Yuqori mansabli lavozimda oʻtirgan davlat xizmatchilarining daromadlarini deklaratsiya qilish 2 yil oldin boshlanishi kerak edi.

Amaldorlar daromadini aniqlashni tartibga soluvchi qonun hamon qabul qilinmayapti

2022 yil 1 yanvardan davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari, oʻrinbosarlari, ularning turmush oʻrtogʻi va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari hamda mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi kerak edi. Bu prezidentning 2021 yil 6 iyuldagi qarorida koʻzda tutilgan, biroq oradan ikki yildan koʻproq vaqt oʻtsa ham, tegishli qonun qabul qilinmagan.

Aksilkorrupsiya agentligi direktoriga koʻra, hamma uchun ochiq boʻlgan alohida platforma yaratilishi va platforma u yoki bu davlat idorasining saytida emas, alohida boʻlishi kutilgan edi.

“Har qanday fuqaro unga kirib, qaysi amaldor va qaysi davlat xizmatchisining qanaqa mulki borligi, qancha daromad topayotganini koʻrish imkoniyatiga ega, ochiq platformani yaratishni rejalashtirganmiz”, – degan Akmal Burhonov 2021 yil 9 iyul kungi matbuot anjumanida.

“Bizning rejamizda bosqichma-bosqich, xuddi Yevropa kabi barcha fuqarolar deklaratsiya toʻldirish tizimiga oʻtmas ekanmiz, korrupsiyani toʻlaligicha bartaraf qila olmaymiz. Keyingi yildan bu tizimni joriy qilganimizda roʻyxatga faqatgina voyaga yetmagan farzandlarini kiritish samara bermasa, boshqa yaqin qarindoshlarini ham majburiy deklaratsiya topshiruvchilar qatoriga kiritish masalasini oʻylab koʻramiz. Bu masala hamon ochiq, toʻxtab qolgani yoʻq. Buni qonunda koʻrsatib ketmoqchimiz, yaʼni keyinchalik, qaysidir davrda boshqa yaqin qarindoshlari majburiy deklaratsiya toʻldiradi, degan normani kiritishni rejalashtirganmiz”, – degan edi oʻsha kungi matbuot anjumanida Akmal Burhonov.

Koʻrinib turibdiki, masala haqiqatdan hali ham ochiq, shu qadar uzoq oʻylanyapti yoki aksincha bu haqda tamoman oʻylashni toʻxtatishgan. Qonun loyihasining ijrosi boʻyicha bundan avval ham bir nechta nashrlar yozib chiqishgan, ammo haligacha birov “nimani soʻrayapsan oʻzi?” deganicha yoʻq.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2020 yilning noyabr oyida BMT Taraqqiyot dasturi, Jahon banki va «Mintaqaviy muloqot» xalqaro nohukumat tashkiloti takliflari asosida daromad va mulkni deklaratsiyalash toʻgʻrisidagi qonunni ishlab chiqqan.

2021 yil avgust-sentabr oylarida qonun loyihasi Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Oliy sud, Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy bank bilan birgalikda kelishib olingan va yakunlangan.

2021 yil 10 noyabr kuni Adliya vazirligi huquqiy ekspertiza natijalariga koʻra qonunni qabul qilish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida ijobiy xulosa bergan va hujjatni Prezident administratsiyasiga yuborgan.

Farmon asosida “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi oʻsha yilning 6 sentabrga qadar masʼul idoralar tomonidan Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi lozimligi aytilgandi. Shunga qaramay, 2021 yil 13 noyabrda qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan. Biroq hukumat bu ikki oylik kechikishga “javoban”, haligacha hujjatni Oliy Majlis qonunchilik palatasiga taqdim etgani yoʻq.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi maʼlumotlariga koʻra, qonun loyihasi 4 bob va 24 moddadan iborat boʻlib, quyidagi masalalarni tartibga soladi:

  • deklaratsiyalarni topshirish tartibi;
  • deklaratsiyada aks ettirilishi kerak boʻlgan maʼlumotlar;
  • deklaratsiyani tekshirish tartibi.

Hujjatda davlat xizmatchilarining daromadlari va mulki deklaratsiyasini ikki bosqichda joriy qilish taklif etiladi:

  • 1-bosqich — prezident, Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat, hukumat aʼzolari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari;
  • 2-bosqich — boshqa davlat xizmatchilari (yordamchi, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar bundan mustasno).

Daromadlar toʻgʻrisidagi deklaratsiyani nazarda tutadigan davlat xizmati toʻgʻrisidagi qonunni 2017 yil sentabr oyida qabul qilish rejalashtirilgan edi, ammo bu muddat bir necha bor qoldirilgan.

2022 yilning avgust oyida Burhonov qonun loyihasi va davlat xizmatchilarining daromadlarini deklaratsiyalash tizimi tayyor ekanini taʼkidlagan. Keyinchalik u qonun loyihasi xalqaro tashkilotlar eʼtirozlari boʻyicha takomillashtirilayotganini qoʻshimcha qilgan edi.

Noyabr oyi oxirida «Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida»gi qonui qabul qilindi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari oʻz idorasi tomonidan davlat xizmatida manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq minglab holatlar aniqlangani, biroq qonunchilik bazasi yoʻqligi sababli ularni bartaraf etish muammoli ekanini taʼkidlagan.

Ushbu qonunda "Davlat fuqarolik xizmatchisi qonunda belgilangan muddatlarda va tartibda daromadlari hamda mol-mulki toʻgʻrisida deklaratsiya taqdim etishi shart"ligi belgilangan.


Mavzuga doir: Eskicha ishlayotgan, tadbirkorlarni qiynayotgan Soliq qoʻmitasi, kambagʻal iqtisodiyot


Bu borada aktivlar deklaratsiyasining kiritilishi munosabati bilan notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etganlik yoki deklaratsiya taqdim etmaganlik uchun dastlab intizomiy, maʼmuriy choralarni qoʻllash, keyinchalik yuqori lavozimli mansabdor shaxslarga nisbatan notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etganlik yoki deklaratsiya taqdim etmaganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etilishi mumkinligi haqida aytib oʻtilgan. Ammo vaqt oʻtsa-da, yoʻlga qoʻyilmayotgan bu loyiha uchun masʼullarga qanday jazo qoʻllash mumkin?

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori 2022 yil 4 avgustda bergan intervyusida platforma ishga tushishga texnik jihatdan tayyor ekani, ammo qonun loyihasi hali toʻliq tugallanmagani haqida aytgandi. “Jahon banki ekspertlari yordami bilan Oʻzbekistonda davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiya qilish boʻyicha tizimni yaratdik. Bunda 40 dan ortiq vazirlik va idoralarning maʼlumotlar bazasiga integratsiya qilish masalasi, qanday topshiradi, hattoki namunaviy deklaratsiya toʻldirish shakllarigacha boʻlgan tizimni yaratdik. Chunki qonun qabul qilinganidan keyin tizim boʻlmasa, qonun ishlamaydi. Bugungi kunda texnik masalalar koʻrib chiqilyapti va qonun loyihasi ham takomiliga yetkazilmoqda. Bu loyihani ikki marotaba xalqaro tashkilotlarga taqdim qilganimizda ular tomonidan eʼtirozlar bildirildi. Takliflar va tavsiyalar asosida takomiliga yetkazilmoqda. Birinchi qadam qoʻyildi. Kuni kecha Senat tomonidan maʼqullangan “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonunda davlat fuqarolik xizmatida ishlayotgan barcha xodimlar oʻz mol-mulklarini majburiy deklaratsiyalashi lozimligi aniq belgilab qoʻyildi”, – deb aytib oʻtgan.

Har yili ijro muddati uzaytiriladigan bu qonun loyihasi taqdiriga aniqlik kiritish maqsadida, Platina.uz Adliya vazirligi matbuot xizmatiga bogʻlanishga harakat qildi, ammo ular izoh berishni istamasdan, ish Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasida ekanini aytib qoʻya qolishdi. Agentlik esa ular tomonidan barcha kerakli ishlar qilib boʻlingani, allaqachon qonun hujjati topshirilishi kerak boʻlgan joyda ekanini aytishdi.

Gulnoza Qodirova

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid