Zoyir Mirzayev taʼmirtalab paxsa maktablar uchun mablagʻ ajratdi
Jumladan, Bekoboddagi maktab uchun 377,4 mln. soʻm beriladi.

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning farmoyishi bilan byudjetdan 708,4 million soʻm mablagʻ ajratildi. Ushbu pul viloyat byudjetining 2024 yil boshida shakllangan erkin mablagʻlari hisobidan taqdim etiladi.
Mazkur pul viloyatdagi taʼmirtalab, paxsa devorli maktablardagi qurilish, rekonstruksiya va taʼmirlash ishlari uchun "Yagona buyurtmachi xizmati" davlat unitar korxonasiga beriladi.
Mablagʻlarni sarflash aks etgan ilovaga koʻra, uch maktabga pul beriladi.
Jumladan, Bekobod tumanidagi 26-maktabda 320 oʻrinli qoʻshimcha bino qurish uchun 377,4 mln. soʻm, Piskent tumanidagi 19-maktabda 220 oʻrinli bino qurish uchun 171,8 mln. soʻm va Zangiota tumanidagi 20-maktabda 120 oʻrinli oʻquv binosi va sport zali qurish xarajatlari uchun 159,2 mln. soʻm ajratiladi.
Eslatib oʻtamiz, biroz avvalroq Jizzax viloyati hokimi Tasviriy oyina xarajatlari uchun, Toshkent shahar hokimi esa poytaxtdagi drenaj tizimi uchun pul ajratgandi.