Namanganda sud raisi pora bilan qoʻlga tushdi
Sudya gumondorning otasidan pul olayotganda qoʻlga olingan.

Namanganning Mingbuloq tumanida sud raisi pora bilan ushlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Aytilishicha, 2024 yil 30 yanvar kuni jinoyat ishlari boʻyicha Mingbuloq tuman sudining raisi Sh. S. oʻzining ish yurituvidagi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va boshqa moddalari bilan ayblangan sudlanuvchi O. S.ga yengilroq jazo tayinlash evaziga, sudlanuvchining otasi V. S.dan 2 000 AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.
Oliy sud Plenumining bugun oʻtkazilgan majlisida Bosh prokurorning jinoyat ishlari boʻyicha Mingbuloq tuman sudining raisi Sh. S.ni Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoiy javobgarlikka tortish va unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash haqidagi taqdimnomasi koʻrib chiqilib, rozilik berildi.
Avvalroq Senat yalpi majlisida Oliy sudning sakkiz nafar sudyasi lavozimidan olinib, ularning oʻrniga yangilari tayinlangandi.