platina.uz
Jamiyat

Prezident qurilishdagi korrupsiya va oʻgʻirliklarni gapirdi

Hokim va prokurorlarning vaziyatga eʼtiborsizligi qattiq tanqid qilindi. 

Prezident qurilishdagi korrupsiya va oʻgʻirliklarni gapirdi

Prezident davom etayotgan yigʻilishda qurilish sohasidagi korrupsiya va oʻgʻirliklar haqida gapirdi. Shuningdek, davlat rahbari kompleksga kiruvchi vazirlik va idoralar oldida turgan uy-joy va qurilish sohasidagi eng dolzarb vazifalarni belgilab berdi.

Bu yil investitsiya dasturi doirasida 1 ming 637 ta infratuzilma obʼektini qurish belgilangan.

Lekin soha yoki hudud rahbarlari byudjet mablagʻlarini samarali ishlatish, qurilishlar sifatini taʼminlash boʻyicha namuna boʻladigan tizim yaratmagani qayd etildi.

Qurilishlarga ajratilgan byudjet mablagʻlarini maqsadsiz ishlatish, talon-taroj va oʻgʻrilik holatlari koʻrsatib oʻtildi.

Ayrim quruvchi tadbirkorlarning yashirin ishlashiga yoki bunday ishlashga majbur qiladigan shart-sharoitlar borligi taʼkidlandi.

Masalan, bugungi kunda loyiha tashkilotlari obʼekt qiymatini imkon qadar “shishirishga” harakat qilayotgani qayd etildi. Sababi, loyiha qancha qimmat boʻlsa, loyihachi shuncha koʻp pul oladi.

Shu bois, aksariyat loyihalarda keraksiz xizmatlar, ortiqcha hashamat qoʻshib kiritilmoqda.

Masalan, 2023 yilda loyihalarda 3 trillion soʻmlik bunday keraksiz xarajatlar oldi olindi.

Aksincha, iqtisod qilishga kelganda, quruvchilarning ish haqi va asosiy qurilish materiallari narxi bozordan past narxlarda hisoblanmoqda.

Bularning hammasi quruvchi-pudratchilarni “obnal” va “oʻgʻirlik” qilishiga, sifatsiz qurilish materiallarini ishlatishiga sharoit yaratayotgani, "yashirin" qurilish materiallari bozori vujudga kelgani qayd etildi.

Hokim va prokurorlar vaziyatga eʼtiborsizligi qattiq tanqid qilinib, ularning bu boradagi qatʼiy javobgarligi belgilandi.

Amaldagi loyihalash jarayonlari va qurilish ishlari “resurs usuli”ga asoslangan.

“Resurs” usulida 1 ta maktab qurish uchun qancha ishchi kerak, qancha yoqilgʻi va nechta texnika ishlatiladi, texnikaning turi qanaqa boʻlishi kerak, degan yuzlab shartlar kiritilgan.

“Hajm usuli”da esa pudratchidan yakuniy natija soʻraladi. Muhimi, quruvchi obʼektni oʻz vaqtida va sifatli topshirsa boʻldi.

Bundan tashqari, loyiha, tender, qurilish va obʼektni qabul qilish bilan bogʻliq barcha jarayonlarda korrupsiya holatlari uchrab turibdi.

Endilikda loyiha qilishdan boshlab, obʼektni foydalanishga topshirishgacha boʻlgan barcha jarayonlar ham, ularning nazorati ham yangicha tashkil etiladi.

Eng avvalo, kelgusi yil 1 yanvardan barcha loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, ishlarni amalga oshirish, shuningdek, ularni qabul qilishda “resurs usuli”dan voz kechilib, “hajm usuli”ga oʻtiladi.

Bu tartib 1 iyuldan yoʻl, ichimlik suvi va koʻprik qurilishi loyihalarida joriy qilinishi belgilandi.

Qurilishni korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish maqsadida 1 iyuldan:

- qurilishda tuziladigan barcha shartnomalar raqamlashtiriladi;

- pudratchi tashkilotlar bajargan qurilish ishlari faqat soliq organiga taqdim etilgan elektron hisob-fakturadan kelib chiqib moliyalashtiriladi;

- obʼektni foydalanishga qabul qilish jarayoni raqamlashtirilib, dalolatnomalar “Shaffof qurilish” orqali tasdiqlanadi;

- 10 milliard soʻmdan ortiq loyihalar boʻyicha subpudratchilarni faqat va faqat “Shaffof qurilish” tizimi orqali tanlash tartibi yoʻlga qoʻyiladi. Ushbu tartib xalqaro moliya tashkilotlari bilan amalga oshirilayotgan loyihalarga ham tatbiq etiladi;

- ishlab chiqaruvchi ham, quruvchi ham, nazorat qiluvchi ham qayerda qaysi qurilish materiali qancha pul turishini onlayn kuzatib boradigan tizim boʻladi.

Eslatib oʻtamiz, shuningdek bu yigʻilishda yangi tayinlovlar amalga oshirildi, transport vaziri ogohlantirildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid