Prezident transport vazirini ogohlantirdi
Tashqi bozorlarga yuklarni olib chiqishda muammolar koʻpligi taʼkidlandi.

Shavkat Mirziyoyev davom etayotgan majlisda yana bir vazir Ilhom Mahkamovni ogohlantirdi. Davlat rahbari logistika muammolarini tanqid qildi.
Mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga yetkazishda ishonchli logistika zanjirlarini tashkil qilish boʻyicha oʻz yechimini kutayotgan masalalar tahlil qilindi.
Masalan, ayrim mamlakatlarda yuk tashishda qoʻshimcha yigʻimlar mavjud, haydovchilar uchun viza rejimi murakkab, avtotransport uchun vazn talablarini muvofiqlashtirish yakuniga yetkazilmagan, portlarda eksport tovarlarini saqlash va qayta ishlashga moʻljallangan terminallar yoʻq.
Bu masalalar bilan lozim darajada shugʻullanmayotgani uchun transport vaziri Ilhom Mahkamov ogohlantirildi.
Investitsiya vazirligiga logistikadagi muammolarni yechish, mintaqaviy va yirik xalqaro loyihalarni jadallashtirish boʻyicha bir qator topshiriqlar berildi.
Strategik temir yoʻl koridorlarini barpo etish doirasidagi ishlarni faollashtirish lozimligi qayd etildi.
Mutasaddilarga xorijiy mamlakatlarda mahalliy tashuvchilar uchun viza rejimini soddalashtirish choralarini koʻrish topshirildi.
Bundan avval adliya vaziri Akbar Toshqulov ogohlantirilgan, unga topshiriq berilib oʻzgarish qilmasa ishdan ketishi aytilgandi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq ikki yirik amaldor ishdan olingan, Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xodjayev ogohlantirilib, 10 nafar hokimga chora koʻrilishi belgilangandi.