Samaradagi YTHda ham oʻzbeklar halok boʻldi
Ayni paytda jasadlarni Oʻzbekistonga olib kelish choralari koʻrilyapti.

Bugun, 16 yanvar kuni Rossiyaning Samara viloyati Stavropolsk tumanida yuz bergan yoʻl-transport hodisasi oqibatida 3 oʻzbekistonlik halok boʻldi.
Aytilishicha, Lada Largus va “Gazel” yuk avtomobili toʻqnashgan, Lada Largus mashinasidagi jami 7 nafar oʻzbekistonlikdan 3 nafari voqea joyida vafot etgan, 4 nafar yoʻlovchi turli darajada tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan va tibbiy muolajalar koʻrsatilmoqda.
Ayni vaqtda Favqulodda vaziyatlar, Tashqi ishlar, Ichki ishlar, Sogʻliqni saqlash va Transport vazirliklari, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda vafot etgan va jabrlangan fuqarolarimizni vatanga olib kelish yuzasidan kerakli barcha zarur choralar koʻrilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, 11 yanvarga oʻtar kechasi Rossiyaning Penza viloyati Nijnelomovsk tumanida Volvo yuk mashinasi hamda miniven oʻrtasida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan va yetti nafar oʻzbekistonlik halok boʻlgandi. Ularning jasadi Xorazmga olib kelingandi.




