Navoiydagi dahshatli avariyada 2 kishi halok boʻldi
Hozir tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Navoiy shahrida yuz bergan mudhish YTHda ikki kishi qurbon boʻldi. Bu haqda viloyat IIB xabar berdi.
Maʼlum boʻlishicha, 15 yanvar kuni soat 02:00larda, Navoiy shahrida A.N ismli haydovchi boshqaruvida boʻlgan “Matiz” rusumli avtomashina svetoforning taʼqiqlovchi qizil chirogʻida toʻxtab turgan vaqtda, “VOLKSWAGEN” rusumli transport vositasi haydovchisi O.N avtomashinani Islom Karimov koʻchasining “Makro” savdo majmuasi yoʻnalishi boʻyicha boshqarib kelib, “Matiz”ning orqa qismiga toʻqnashishi natijasida yoʻl-transport hodisasi sodir qilgan.
Hodisa natijasida “Matiz” avtomashinasining orqa oʻrindigʻida boʻlgan yoʻlovchilar E.U hamda O.Gʻ lar olgan tan jarohatlari sabab voqea joyida vafot etgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Navoiy shahar IIB tergov boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, avval Rossiyaning Penza viloyatida yetti oʻzbekistonlik YTH oqibatida halok boʻlgan va ularning jasadi Oʻzbekistonga keltirilgandi.