Zelenskiy Oʻzbekistonga boʻlgan tahdid haqida gapirdi
Uning aytishicha, Rossiya Ukraina bilan cheklanmaydi.

Rossiya Ukraina bilan cheklanmaydi, uning keyingi maqsadi yana bir qator davlatlar, jumladan Oʻzbekiston boʻlishi mumkin. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Vilnyusda Litva prezidenti bilan boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida maʼlum qildi, deb yozadi “Gazeta.ua”.
“U (Putin - tahr.) toʻxtamaydi. U bizni butunlay bosib olmoqchi. Baʼzida hamkorlarning Ukrainaga moliyaviy va harbiy yordam koʻrsatishdagi ikkilanishlari Rossiya Federatsiyasiga kuch qoʻshadi”, — dedi Zelenskiy.
“Keyingi oʻrinlarda Litva, Latviya, Estoniya va Moldova boʻlishi mumkin. Va agar biz muvaffaqiyatsiz boʻlsak, bu haqiqatdir. Yaqinda Finlyandiya haqida gapira boshlashganini eshitdik, Oʻzbekiston mustaqilligi va boshqalarni gapirishdi”, — dedi prezident.
Eslatib oʻtamiz, dekabrda rossiyalik Zaxar Prilepin Oʻzbekiston borasida keskin fikr bildirgan va noroziliklarga sabab boʻlgandi.
Oʻz oʻrnida Britaniya Ukrainaga uchuvchisiz samolyotlar sotib olish uchun mablagʻni oshirishi maʼlum boʻldi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak juma kuni Kiyevga safar qilib, Ukrainaga yangi harbiy dronlarni, jumladan kuzatuvchi, uzoq masofali zarba beruvchi bombardimonchi samolyot va dengiz uchuvchisiz qurilmalarini xarid qilishda yordam berish uchun harbiy mablagʻ koʻpayishini eʼlon qildi, deb xabar beradi Reuters axborot agentligi.
London Rossiya bosqinidan beri Kiyevning yaqin tarafdorlaridan biri boʻlib kelgan va Sunak Britaniya kelasi moliyaviy yilda oʻz yordamini 2,5 milliard funt sterlingga (3,19 milliard dollar) oshirishini aytdi, bu avvalgi ikki yilga nisbatan 200 million funt sterlingga oshadi.
Britaniya Ukrainaga har qanday davlatdan eng yirik dronlarni yetkazib berishini aytdi, ularning aksariyati Britaniyada ishlab chiqarilishi kutilmoqda.
“Mudofaa vazirligi xalqaro hamkorlar bilan Ukraina mudofaasi uchun ajratilgan uchuvchisiz samolyotlar sonini sezilarli darajada oshirish boʻyicha ishlaydi”, — deyiladi hukumat bayonotida.
Sunak idorasining maʼlum qilishicha, "Katta yettilik" guruhining Ukrainaga ikki tomonlama xavfsizlik kafolatlarini taqdim etish boʻyicha kelishuvidan soʻng, Buyuk Britaniya va Ukraina oʻrtasida Xavfsizlik sohasida hamkorlik boʻyicha tarixiy kelishuv imzolanadi.