Turkmanistonda “Baxti Tashkentskiy”ning sherigi qoʻlga olindi
U hibslar boshlangach chegarani kesib oʻtishga muvaffaq boʻlgan.

Turkmanistonda oʻzbekistonlik "qonundagi oʻgʻri" “Baxti Tashkentskiy”ning sherigi qoʻlga olindi. Bu haqda "Xronika Turkmenistana" nashri xabar bergan.
Hibslar boshlanganidan soʻng Oʻzbekiston maxsus xizmatlari turkmanistonlik hamkasblariga jinoiy guruh aʼzolaridan biri 7 dekabr kuni Turkmaniston bilan chegarani noqonuniy kesib oʻtib, qochishga muvaffaq boʻlgani haqida tezkor maʼlumot bergan.
Turkmaniston Milliy xavfsizlik vazirligiga qochqinning qoʻlga olingan guruh aʼzosi Nargiza Jumaniyozovaning singlisi Bibijon Jumaniyozovaning uyida ekanligi haqida maʼlumot berilgan.
Qidiruv natijasida erkak qoʻlga olingan, soʻngra “Shovot” chegara bojxona postida Oʻzbekiston maxsus xizmatlariga topshirilgan.
Bibijonning uyidan jinoiy guruh aʼzosidan tashqari Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan 12 quti dori vositalari topilgan. Maʼlum boʻlishicha, ayol dori vositalari kontrabandasi bilan shugʻullangan. Unga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatilgan.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda jinoiy guruhlar aʼzolarini qoʻlga olish boʻyicha ommaviy reydlar oʻtkazilmoqda. Jumladan, “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev dekabr oyida qoʻlga olingandi.
25 dekabr kuni Qudratullayevning oʻgʻli va guruhning yana bir qancha aʼzolari, jumladan gumondor Nargiza Jumaniyozova ham hibsga olingani maʼlum boʻldi.