Yaqin Sharqdagi zanjir reaksiyasi yoxud Husiylar nimani istaydi?
Husiylar tamgʻasida shunday yozuvlar qizil harfda bitilgan: “...Amerikaga oʻlim! Isroilga oʻlim! Yahudiylarga laʼnat boʻlsin!...”
“Jodugarlik bir boshlanmasin, boshlansa, toʻxtatib boʻlmay qoladi”.
Mixail Bulgakovning “Usta va Margarita” asaridan.
Isroil-Falastin mojarosining yangi keskinlik pallasiga oʻtgani koʻplab “maddalagan”, ammo yorilmagan geopolitik muammolarni ochib tashladi.
Jumladan, Isroilning ishtahasi va kelajakdagi maqsadlari oshkor boʻla boshladi. Masalan, shu paytgacha terrorchilikka qarshi va oʻz xavfsizligi uchun kurashayotganiga dunyoni ishontirishga urinayotgan Isroilning asl maqsadi – Gʻazo sektorini butunlay anneksiya qilish, uning aholisini esa boshqa davlatlarga “tarqatib” yuborib yoki oʻldirib-qirib, yoʻq qilish ekani maʼlum boʻlib qoldi. Bu haqda Isroil masʼul shaxslari ochiq bayonot berishdan tortinmay qoʻydi. Chunki Isroil oʻz jinoyatlarining jazosiz qolishiga ishonadi, orqasida turgan qudratli va boy yahudiylar lobbisi mavjud AQSh va Gʻarbning har qanday sharoitda uni qutqarishiga shubha qilmaydi.
Sharqiy Yevropada boshlangan zanjir reaksiyasi
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi xalqaro huquq tizimida yomon pretsedent yasadi. Keyin Togʻli Qorabogʻ urushi, Isroil-Falastin mojarosi, Shimoliy va Janubiy Koreya qurolli ziddiyatlari... Endi esa Eron qoʻllab-quvvatlayotgan shia jangari guruhlari ham faollashib qoldi. Ular Falastin muammosi “qarta”sidan siyosiy populizm yoʻlida foydalanishmoqda. Bu mojaroga boshqa davlatlarga hujumlar va legitim hukumatlarga qarshi isyonlar uchun “kazus-belli” sifatida qarashmoqda.
Eron hukumatining va u moliyalashtiradigan Hizbulloh shia jangarilarining Isroilga qarshi muntazam “poxol doʻq”lari garchi bir tiyinga qimmat, ahamiyatsiz va taʼsirsiz tuyulsa-da, bir qadar faoliyat imitatsiyasiga sabab boʻlmoqda. Mintaqadagi shia kuchlari oʻzlarini Falastin tarafdori (aslida esa shunchaki AQSh va Isroil dushmani– muallif) etib koʻrsatishga urinyapti.
Eron, shuningdek, Afgʻonistonda IShIDga qarshi ehtimoliy operatsiyaga hozirlik koʻrmoqda. Eronning Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi (IIQK) boʻlinmalari Afgʻoniston bilan chegaradagi Siiston va Balujiston viloyatlariga faol oʻtkazila boshlandi. Biroq bu xabar hozircha biror ishonchli manbalar orqali tasdiqlanmagan.
Bunga esa Iroqdagi namoyishlarni shafqatsiz bostirgan, AQSh harbiylari va Isroilga hujumlarda ayblangan, Suriyada shia hamda alaviy (xalifa Alini xudo deb hisoblaydigan sekta – muallif) prezident Bashar Asadga muxolif sunniy musulmonlarni ommaviy ravishda va shafqatsiz qirib tashlagani bilan mashhur boʻlgan Eron generali, Putinni Suriyada harbiy harakatlar olib borishiga koʻndirgan va koʻmaklashgan marhum Qosim Sulaymoniy sababchi. Aniqrogʻi, uning qabri oldida yuz bergan, 80 kishining hayotiga zavol boʻlgan portlash sababchi. Eron rasmiylari bu portlash ortida ham AQSh va Isroil turibdi, deya gʻavgʻo koʻtarishdi. Bu ikki davlat ham portlashga aloqasi yoʻqligini maʼlum qildi. Keyinchalik portlash uchun javobgarlikni IShID jangarilari oʻz zimmasiga oldi.
Natijada, Eronning Qum shahridagi Jamkaron masjidi tepasida “qasos bayrogʻi” koʻtarildi. Bu masjid ustidan oxirgi marta qasos qizil bayrogʻi 2020 yil 3 yanvarda Qosim Sulaymoniy oʻldirilganidan keyin koʻtarilgan edi. U eronliklar Sulaymoniyning oʻldirilishi uchun oʻch olish maqsadida Iroqdagi Amerikaning Ayn al-Asad bazasiga ballistik raketalar bilan hujum qilganidan keyin olib tashlangan edi.
Yangi koʻtarilgan qasos bayrogʻi esa Eroning Afgʻonistonda IShIDga qarshi urushidan darak bermoqda. Shu bois jafokash qoʻshnimiz hududida yana bir harbiy-siyosiy “oʻyinchi” – IIQK askarlari paydo boʻlishi mumkin. Afgʻonistonda begona davlatga tegishli qurolli toʻdalar, yana tagʻin shia jangarilari “xoʻjayinchilik” qilishi esa, tabiiyki, sunniy toliblarga umuman yoqmaydi. Hatto Markaziy Osiyo davlatlariga ham tahdid qilib, Qoʻshtepa kanalini qurishga potensial qarshi kuchlarni nazarda tutgan holda, “kim bizga qarshi boʻlsa, qoʻlini sindiramiz”, deya “xoʻrozlanayotgan” Tolibon uchun yana bir muammo – kuchli hamda qatʼiyatli jangari raqib shakllanayotgan koʻrinadi.
AQSh ochgan “pandora qutisi”
Umuman olganda, Yaqin Sharqda shia jangarilarining faollashuviga bir jihatdan AQSh ham sababchi.
Aholisining yarmidan ziyodi shia oqimiga mansub Iroqda harbiy amaliyot oʻtkazib, sunniy prezident Saddam Husaynni agʻdargan amerikalik harbiylar hukumat tarkibida diversifikatsiya va inklyuzivlikni taʼminlash maqsadida bu yerdagi shialarni hukumat tepasiga chiqarishdi. Natijada Iroq ham de-fakto undagi shia jangarilarini qoʻllab-quvvatlovchi Eron taʼsiri ostiga tushib qoldi.
Qolaversa, mintaqada shia terrorchilarining uygʻonishi va faollashuvi Yamandagi Husiylarning ham “qoʻltigʻiga suv purkayapti”.
Maʼlumki, Hijoz yarim orolida joylashgan Yaman aholisining qariyb 40 foizini tashkil etuvchi, mamlakat shimolida yashovchi zaydiy-jorudiy shialar ancha yillardan beri muxtoriyat talab qilib kelishadi. Mazkur aholi qatlami vakillari Eron qoʻllab-quvvatlayotgani taxmin qilinadigan Husiylar yoki “Ansorulloh” jangari guruhini tuzishgan. Ular Yamanni boshqarayotgan sunniy koʻpchilikni korrupsiyada, shuningdek, AQSh bilan hamkorlik qilishda ayblab, agʻdarib tashlashga, hokimiyatni qurolli toʻntarish bilan egallashga intilib keladi.
Yamanning legitim hokimiyati esa Husiylarning asosiy maqsadi – 1962 yilda taxtdan agʻdarilgan Zaydiy shia podshohlar sulolasinini qayta taxtga olib kelishdan iborat, deb izohlashadi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, mazkur jangarilar toʻdasi uni 1994 yilda tuzgan va rahbarlik qilgan, 2004 yil sentabrda Yaman armiyasi tomonidan oʻldirilgan shia imomi Husayn Badruddin Al-Husiy sharafiga Husiylar deb ataladi.
Husiylarning 2004 va 2009 yillardagi isyonlari deyarli muvaffaqiyatsiz tugagan. Lekin 2014 yilda, Yaman hukumatining iddao qilishicha, Eron va Iroqdagi shialar, jumladan, Hizbulloh tomonidan harbiy-moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlangan qoʻzgʻolon natijasida Husiylardan iborat “Ansorulloh” qurolli guruhi jangarilari hukumat armiyasiga qarshi urishib, poytaxt Sano shahridagi prezident saroyini egallashdi. Shu yili 21 yanvar kuni oʻt ochishni toʻxtatish haqida bitim imzolanib, Yaman hukumati federativ davlat tuzishga va hukumatda barcha aholi qatlamlari, shu jumladan, Husiylarning ham vakillari boʻlishini taʼminlovchi yangi konstitutsiyani shakllantirishga kelishib olingan edi.
Keyinchalik, shialar Inqilob qoʻmitasini tuzishdi. Bu qoʻmita hozirda de-fakto Yamanni boshqarib kelmoqda. Bu qoʻmita prezidenti Muhammad Ali Al-Husiy boʻlib, uning siyosiy hokimiyatining legitimligi xalqaro darajada tan olinmagan.
Yamanning legitim prezidenti Abdurrabbu Mansur Hodiy esa 2012 yildan 2022 yilgacha rasman davlatni boshqargan boʻlsa-da, shia isyonchilarining Oliy siyosiy kengashi 2015 yildan beri uning legitimligini tan olmaydi. 2022 yil 7 aprelda Hodiyning farmoni bilan prezidentlik vakolatlarini qabul qilib olgan Rishod Muhammad Al-alimiy esa de-fakto quvgʻindagi davlat rahbari hisoblanadi. Qisqa qilib aytganda, ayni paytda Yaman, aniqrogʻi, uning kattagina qismi Husiylar nazorati ostida.
Husiylar nega faollashdi?
Husiylar tamgʻasida shunday yozuvlar qizil harfda bitilgan: “...Amerikaga oʻlim! Isroilga oʻlim! Yahudiylarga laʼnat boʻlsin!...” Bu shiorlarni uning strategiyasiga baho beruvchi eng qisqa sharh, deb atash ham mumkin.
2023 yil 7 oktabrda boshlangan Isroil-Falastin mojarosi yana Husiylarni dunyo yangiliklarining birinchi qatoriga olib chiqdi: ular Isroilga qarshi ekanliklarini ochiq bayon etib, amaliy qadamlar ham qoʻya boshladi.
Jumladan, oʻtgan yilning 19 oktabr kuni, Isroil Gʻazoda javob operatsiyasini boshlaganidan koʻp oʻtmay, husiy isyonchilar Isroil tomon bir nechta raketa otib, uchuvchisiz uchoqlarni yoʻllashdi.
Shuningdek, noyabr oyida Husiylar Qizil dengizda Isroilga tegishli yuk kemasini oʻgʻirlab, Yaman qirgʻoqlariga olib ketishganini bildiishdi. Isroil oʻshanda kema Isroilga tegishli emasligini, qolaversa, uning ekipaji orasida isroilliklar yoʻqligini aytgan, biroq tasdiqlanmagan maʼlumotlarga koʻra, kemaning egasi isroillik boʻlishi mumkin.
Husiylar, shuningdek, soʻnggi ikki oy ichida raketa va uchuvchisiz boshqariladigan samolyotlar yordamida bir qancha tijorat kemalariga hujum qilishgan. Amerika, Britaniya va Fransiya harbiy kemalarining havo hujumidan mudofaa tizimlari ushbu raketalarning koʻp qismini tutib olishdi, biroq bir necha kema zarar koʻrdi.
Husiy isyonchilar Qizil dengiz orqali Isroilga yoʻl olgan har qanday kemalarga hujum qilishda davom etish, Qizil dengiz suvlari ostidan oʻtgan muhim optik tolali kabellarini portlatishlari haqida tahdidli bayonotlar berishdan toʻxtamayapti.
Soʻz isboti bilan deganlaridek, boshlangan yangi yilning 2 yanvarida Husiylarning AQSh harbiy kemasiga qanotli raketalar bilan hujum qilgani maʼlum boʻldi. Biroq kemaga zarar yetmagan. Kema mudofaa tizimi 13 ta raketani havoda urib tushirgan. Bunday himoya AQShga qimmatga tushdi: ular hujumga qarshi 180 ta SM-3 boshqariladigan zenit raketalarini otishga majbur boʻlishgan. Bu raketaning har biri kamida 2 million dollar turadi! Shu tariqa Husiylarning hujumi AQShga deyarli yarim milliard dollarga tushgan.
Bunga javoban, Qoʻshma Shtatlar Qizil dengizdagi harbiy kemalarining bir qismini toʻxtatganini aytdi. Shuningdek, deyarli barcha tashuvchi kompaniyalar oʻz kemalarini Qizil dengizni chetlab oʻtish uchun qayta yoʻnaltirishga majbur boʻlmoqda. Bu esa tovarlar yetkazib berish muddatlarining uzayishi, sugʻurta xarajatlarining ortishi va natijada, tovarlar narxining oshishiga sabab boʻladi.
AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy amaliyotlarini boshqaradigan CENTCOM (United States Central Command) harbiy agentligi mulozimi shunday degan: "Bu hujumlar Yamandan Husiylar tomonidan amalga oshirilgan boʻlsa-da, ularni Eron toʻliq qoʻllab-quvvatlamoqda".
AQSh tijorat kemalarini Husiylarning keyingi hujumlaridan himoya qilish uchun dengiz kuchlarini yaratishni taklif qilyapti. Vashington, shuningdek, Husiylar harakatini terrorchilik guruhlar roʻyxatiga kiritish masalasini ham koʻrib chiqmoqda.
Husiylarni kim qoʻllab-quvvatlaydi?
Husiylar Livanning “Hizbulloh”(uning ham homiyasi Eron – muallif) shia qurolli guruhi tuzumini oʻzlariga namuna sifatida olishgan.
Amerikaning Terrorizmga qarshi kurash markazi tadqiqot institutiga koʻra, Hizbulloh 2014 yildan beri Husiylarga jangchilarni tayyorlashda yordam berib keladi. Husiylar Eronni oʻzlariga ittifoqchi deb bilishadi, chunki Saudiya Arabistoni ularning umumiy dushmani.
Tehron Husiylarga qurol yetkazib berishda ham gumon qilinmoqda. Xususan, AQSh va Saudiya Arabistoni Husiylar tomonidan Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodga otish uchun foydalanilgan ballistik raketalarni Eron 2017 yilda yetkazib berganini bildirmoqda.
Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni Eronni Husiylar 2019 yilda Saudiyaning neft obʼektlariga hujum qilish uchun foydalangan qanotli raketalar va uchuvchisiz parvoz apparatlari yetkazib berishda ayblagan. Oʻshanda Husiylar Saudiya Arabistoniga oʻn minglab qisqa masofali raketalarni uchirib, BAAdagi nishonlarga ham hujum qilgan edi. Ushbu qurollarni yetkazib berish BMTning bunday faoliyatga nisbatan qoʻygan embargosi talablariga zid. Eron Husiylarga qurol yetkazib berishini rad etib keladi.
Hozir vaziyat qanday?
Hozirda Yaman aholisining aksariyati Husiylar nazorati ostidagi hududlarda yashaydi. Qoʻzgʻolonchilar mamlakatning shimoliy qismida soliq yigʻish bilan birga, pul ham zarb etishmoqda. Ular “Al-Masira” nomli oʻz telekanaliga ega. Bu telekanal dasturlari Misrning Nilesat sunʼiy yoʻldoshi va Rossiyaning (!) “A.S.Popov nomidagi Ekspress AM44” sunʼiy yoʻldoshi orqali butun dunyoga uzatiladi.
BMT Xavfsizlik Kengashining Husiylar boʻyicha eksperti Ahmad al-Bahriyning bildirishicha, 2010 yilga kelib, Husiylarning 100 mingdan 120 minggacha tarafdorlari, jumladan, qurolli guruhlari aʼzolari boʻlgan. BMTning bildirishicha, Yaman isyonchilari tomonidan yollangan 1500 dan ortiq bolalar 2020-2021 yillardagi janglarda halok boʻlgan.
Hozirda Husiylar Qizil dengiz sohilining muhim qismini nazorat qiladi va u yerdan kemalarga hujum uyushtirib turadi. Bu hujumlarni amalga oshirish qobiliyati ularga Saudiya Arabistoni bilan tinchlik muzokaralarida savdolashish imkoniyatini beradi, deyishadi ekspertlar.
Ayni paytda esa, xalqaro Politico nashriga koʻra, AQSh rasmiylari Yaqin Sharqda urushga tayyorgarlik koʻrmoqda. Harbiylar Yamandagi husiy nishonlariga hujum qilish rejalarini ishlab chiqmoqda, razvedka esa Iroq va Suriyadagi eronparast guruhlarning hujumlarini qaytarishga tayyorlanmoqda.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash kerakki, ayrim musulmonlarning “Husiylar yahudiylarga qarshi kurashyapti, demak, ular Falastin va umuman musulmonlar xaloskori va qahramoni”, degan eyforiya kayfiyatidagi taxminlari mutlaqo asossiz. Husiylarga falastinliklar va musumonlarning umuman qizigʻi yoʻq. Ular Eron va umuman shia jangari guruhlarining Isroil va AQShga qarshi deyarli yarim asrlik kurashini davom ettirishyapti xolos. Husiylar barcha sunniylarni, Saudiya Arabistoni va hatto sunniy boʻlgani uchun IShIDni ham oʻzlariga dushman, deb bilishadi. Husiylarning barcha siyosiy va harbiy oʻyinlari mintaqadagi siyosiy vaziyatni izdan chiqarish, muzokaralar uchun imkoniyatlar eshigini yopish, tinchlikka raxna solishga xizmat qiladi xolos. Falastin muammosi esa bu kurash “torti” ustidagi olcha xolos. Eron teokratik hukumatining 1969 yildan beri Falastinni ozod qilish uchun emas, sunniylarga qarshi (Eron-Iroq urushini hamda Saudiya Arabistoni bilan ziddiyatlarni eslang – muallif) kurash bilan band boʻlgani fikrimizga dalildir. Husiylar esa shunchaki Eronning tashqi harbiy amaliyotlari tizimidagi bir qoʻgʻirchoq. Qoʻgʻirchoqboz qilmagan ishni qoʻgʻirchoqdan kutish esa mantiqqa toʻgʻri kelmaydi.
Abulfayz Sayidasqarov sharhladi.
Telegramda kuzatib boring!