Qozogʻiston Rossiya nefti tranziti uchun narxlarni oshirdi
Neftning bir qismi Oʻzbekistonga ham eksport qilinadi.

Qozogʻiston milliy operatori “KazTransOil” 1 yanvardan boshlab Rossiya neftining TON-2 uchastkasi orqali tranziti uchun tariflar oshirilishini eʼlon qildi. Bu haqdagi qaror kompaniyaning rasmiy saytida xabar qilingan.
Operatorning yangilangan maʼlumotlariga koʻra, ming kilometr masofaga tranzit narxi QQSsiz 11,28 dollarni tashkil etadi. Ushbu qaror kompaniya boshqaruvi raisi tomonidan dekabr oyi boshida tasdiqlangan.
Aniqlik kiritilishicha, bungacha ming kilometr tranzit narxi 9,3 dollarni tashkil qilgan. Bunday parametrlar 2018 yilda kelishilgandi.
TON-2 yiliga 10 million tonna oʻtkazish quvvatiga ega. Shu bilan birga, loyiha quvvati yiliga 18 million tonnaga etadi. Qozogʻiston hududi boʻylab 186,25 kilometrlik uchastka mavjud – u orqali Rossiyadan neft Pavlodar neft-kimyo zavodiga yetkazib beriladi, soʻngra bir qismi Xitoy va Oʻzbekistonga joʻnatiladi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda soʻnggi vaqtlarda benzin narxining sezilarli miqdorda oshishi kuzatildi. Mamlakatga keltirilayotgan xorijiy benzinning qariyb 90 foizi Rossiya hissasiga toʻgʻri keladi. Masalan 2022 yilda mamlakat Rossiyadan 142,7 mln. litr benzin import qilgan. Bu jami import benzinning qariyb 88 foizini tashkil qiladi.