Surxondaryolik maktab direktori qamalib chiqqani maʼlum boʻldi
Uzun tumani sudi uni mayda bezorilik va IIO xodimlari qonuniy talablariga boʻysunmaslikda ayblagan.

Surxondaryo hokimidan adolat talab qilgan maktab direktori Umida Tursunova Oliy sud ajrimiga koʻra 7 sutkaga qamalgan. Ajrim 1 avgustda chiqqan.
Lekin avvalroq, yaʼni 26 iyul kuni Uzun tumani sudi uni mayda bezorilik va IIO xodimlari qonuniy talablariga boʻysunmaslikda ayblab, 10 sutkaga qamagani bugun oshkor boʻldi.
Keyin 28 iyulda apelyatsiya berilgani uchun viloyat sudi u ayolning jazosini oʻzgarishsiz qoldirgan. Ammo Oliy sud bu muddatni 7 kunga kamaytirgan. Shu tariqa sobiq direktor 1 avgust kuni 7 sutkalik qamoqni oʻtab, uyiga borgan.
Maktab taʼlimi vaziri kecha uni qamoqdan chiqarib olganini aytgandi. Demak, Hilola Umarova hozircha hammani aldagan boʻlib chiqyapti. Ishiga tiklangani ham hozircha nomaʼlum.
Eslatib oʻtamiz, janjalli vaziyat 26 iyul kuni Sariosiyo tumanidagi 12-sonli maktabda umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 2023-2024 oʻquv yiliga tayyorgarligiga bagʻishlangan videoselektor seminarda yuzaga kelgan.
Oʻsha paytda Tursunova hokimdan adolat talab qilgan, janjal koʻtargan. Oqibatda IIO xodimlari uni kuch bilan olib chiqib ketgan.